O‘zbekistonda boylar uchun alohida soliq tizimi joriy etiladi
Jamiyat
−
02 aprel
13781O‘zbekistonda yaxshi daromadga ega fuqarolarni soliqqa tortishning alohida tizimini yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda kecha, 1 aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, hozirda soliqqa tortish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
“Ularni segmentlash orqali eng yuqori daromadga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun soliqlarni to‘lash va undirish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar ishlab chiqqanmiz. Ularning to‘liq bazasi yaratilib, bu orqali bironta jismoniy shaxs o‘z daromadini soliqdan qochish maqsadida kamaytirish yoki o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydigan tizim bo‘ladi”, degan Mubin Mirzayev.
Shu bilan birgalikda, Mirzayev yangi elektron tizimni ishlab chiqish uchun qo‘mitaga taxminan yana bir yil kerak bo‘lishini qayd etgan. Rejalashtirilgan tizim nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda olingan daromadlarni ham soliqqa tortishni nazarda tutadi.
“Agar O‘zbekiston rezidenti chet elda daromad olsa, mamlakatda soliq to‘lashi kerak bo‘ladi. Norezidentlar bilan bog‘liq holatda Soliq qo‘mitasi ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish uchun chet elda soliq to‘lashni hisobga oladi”, degan Mirzayev.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatda 38 mln nafar aholi bo‘lsa, shundan 18 mln nafardan ortig‘i daromadga ega hamda ular soliq to‘lashi kerak bo‘lgan aholi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2027 yildan boshlab san’atkorlardan daromad solig‘i majburiy tarzda undirilishi haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar




