O‘zbekistonda a’zo transplantatsiyasi uchun donorga qo‘yiladigan muhim talab bekor qilinmoqda

Jamiyat

image

Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi uchun donor, bemorning yaqin qarindoshi bo‘lishi kerak, degan cheklov bekor qilinmoqda. Bu haqda “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasida belgilanmoqda. 

Loyiha bugun, 2 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyevga ko‘ra, qonun bilan inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi uchun donor, bemorning yaqin qarindoshi bo‘lishi kerak, degan cheklov bekor qilinmoqda.

Endilikda donor sifatida o‘zidan a’zolari va (yoki) to‘qimalarining transplantatsiya uchun olinishiga ixtiyoriy ravishda, bepul asosda, notarial tartibda tasdiqlangan yozma rozilik bergan inson tushuniladi.

Shuningdek, loyiha xalqaro tajribadan kelib chiqib, “Tirik donordan a’zolarni yoki to‘qimalarni transplantatsiya uchun olish faqat retsipiyentning sog‘lig‘ini ko‘zlab hamda muqobil davolash usuli mavjud bo‘lmagan taqdirda amalga oshirilishi mumkin”, degan norma bilan to‘ldirildi.

Deputatlarning aytishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi aholining huquqiy va ijtimoiy himoyasiga yo‘naltirilgan davlat siyosatining amaldagi qonunchilik asoslarini to‘ldirib, a’zolar va to‘qimalar transplantatsiyasini bajarishdagi maqsadlar va shartlarni aniqlagan holda, kasallanish va a’zolardagi qaytarib bo‘lmaydigan jarayonlar tufayli o‘limga olib keluvchi holatlarning qisqarishiga olib keladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.


Maqola muallifi

Teglar

qonun transplantatsiya

Baholaganlar

144

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing