Profilaktika inspektorlari har chorakda aholi oldida hisobot beradi

Jamiyat

image

Profilaktika inspektorlari har chorakda o‘z hududida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan aholi oldida hisobot beradi. Bu haqda bugun, 25 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari birinchi o‘qishda qabul qilgan “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, ushbu qonun loyihasi bilan profilaktika inspektorining maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, javobgarligi hamda xizmatni o‘tash tartibi belgilanmoqda. Xususan, inspektorning kasbiy faoliyatiga asossiz aralashish, uni xizmat vazifalari bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish va unga qo‘shimcha vazifalar yuklashga yo‘l qo‘ymaslik nazarda tutilmoqda.

Qonunga muvofiq profilaktika inspektori har chorakda o‘z xizmat hududida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan aholi va jamoatchilik oldida hisobot berishi belgilanmoqda. Shuningdek, aholining profilaktika inspektori faoliyatiga nisbatan “ishonchsizlik tashabbusi”ni bildirish mexanizmi ham joriy etilmoqda.

Hujjatda profilaktika inspektorlarining ijtimoiy-huquqiy himoyasini kuchaytirish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini davlat tomonidan himoya qilish, mehnatiga munosib haq to‘lash, xizmat va uy-joy sharoitlarini yaxshilash hamda samarali faoliyat yuritayotgan xodimlarni rag‘batlantirishga oid kafolatlar ham nazarda tutilgan.

Shuningdek, majlisda qonun loyihasining qabul qilinishi huquqbuzarliklar profilaktikasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi, har bir mahallada xavfsiz muhitni ta’minlash, profilaktika inspektorlarining mas’uliyati va aholi bilan ishlash samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.

Bildirilishicha, muhokamalar yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev profilaktika inspektorlari va jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi. O‘shanda profilaktika inspektorining kasbiy faoliyatiga aralashish, unga taalluqli bo‘lmagan topshiriqlar va asossiz yuklamalar berish taqiqlanishi aytilgandi. Shuningdek, mamlakatdagi 9 mingga yaqin mahallada 10 mingdan ortiq profilaktika inspektori xizmat qilayotgani ma’lum qilingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing