Fransiyada 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoq taqiqlanmaydi
Olam
−
08:23 246 2 daqiqa
Fransiya Konstitutsiyaviy kengashi 15 yoshga to‘lmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni nazarda tutgan qonun loyihasini so‘z va muloqot erkinligi hamda shaxsiy hayot daxlsizligiga zid deb topib, rad etdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qonun loyihasi 1 sentyabrdan 15 yoshga to‘lmaganlarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni taqiqlash, avvaldan ochilgan akkauntlarni esa to‘rt oy ichida yopishni nazarda tutgan. Platformalardan yoshni tekshirish tizimidan foydalanish ham talab qilingan.
Biroq Konstitutsiyaviy kengash qonun loyihasida yoshni tasdiqlash qanday “shartlar va chegaralar” asosida amalga oshirilishi aniq belgilanmaganini ta’kidlagan. Kengash hujjat so‘z va muloqot erkinligini nomutanosib ravishda cheklashi hamda shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlash uchun zarur huquqiy kafolatlarni nazarda tutmaganini qayd etgan.
“Kengash bahsli qoidalar, bir tomondan, so‘z va muloqot erkinligini nomutanosib ravishda cheklaydi, boshqa tomondan esa shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan huquqiy kafolatlarni nazarda tutmaydi, degan xulosaga kelgan”, deyiladi qarorda.
Fransiya qonun chiqaruvchilari loyihani iyul oyida ma’qullagan edi. Bu bilan Fransiya Yevropa davlatlari orasida Avstraliyadan keyin yoshlarni ijtimoiy tarmoqlardan himoya qilishga qaratilgan bunday cheklovni joriy etishga uringan birinchi mamlakat bo‘lgan.
Avstraliya dekabr oyida dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshga to‘lmaganlarga Facebook, Snapchat, TikTok va YouTube kabi platformalardan foydalanishni taqiqlagan. Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari va Turkiya kabi davlatlar ham yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash choralarini joriy qilgan yoki rejalashtirgan.
Yevropa Ittifoqi bolalarni ijtimoiy tarmoqlardagi zararli funksiyalardan himoya qilishni kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
Ijtimoiy tarmoq kompaniyalari umumiy taqiqlarga qarshi chiqib, yosh foydalanuvchilarni himoya qilish uchun yosh cheklovlari kabi choralar mavjudligini ta’kidlaydi. Google, Meta, Snap va TikTok munosabat bildirish bo‘yicha so‘rovlarga zudlik bilan javob bermagan.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Bosh vazir Sebastyan Lekornyuga Konstitutsiyaviy kengash e’tirozlarini hisobga olgan holda qonun loyihasini qayta ishlashni topshirgan.
Yelisey saroyi ma’lum qilishicha, Makron islohot 2027 yil bahorigacha kuchga kirishini ta’minlashga qat’iy bel bog‘lagan. O‘sha davrda Fransiyada prezidentlik saylovi o‘tkaziladi, biroq Makron uchinchi muddatga nomzodini qo‘ya olmaydi.
Live
Barchasi