O‘zbekistonda 3 hokim va 3 mansabdor tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgani aniqlandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 3 nafar hokim va uch nafar mansabdor qonun bilan taqiqlanganiga qaramay, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Agentlik tomonidan davlat boshqaruv organlari va davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining holati o‘rganilganda olti nafar mansabdor, jumladan uch nafar hokim, bir nafardan agentlik, qo‘mita va unitar korxona rahbarlari tadbirkorlik sub’ektlarining ta’sischilari ekani aniqlangan. 

Xususan: 

•  Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimi Sanobarxon Nosirova “Sabina Issiq Nonlari 777” va “Ko‘mir Sanoati” MCHJlar;

•  Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hokimi Ulug‘bek Fayziyev “Zarafsjan Golden Group” va "Zarafshon Grand Invest"  MCHJlar, “G‘ani Bobo Chorvasi” fermer xo‘jaligi;

•  Toshkent shahar Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov “Sanico Group” va “Uv-Maks” MCHJlar;

•  Milliy antidoping agentligi direktori Abdushukur Sodiqov “Total Oil” MCHJ;

•  “Axborotlashtirish Bosh markazi” DUK rahbari Dilshod Sarixodjayev “Musammo” MCHJ;

•  Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi rahbari Bahrom Sharipov “Karomat Oyijon-Surxon” fermer xo‘jaligida ta’sischi sifatida faoliyat yuritib kelayotgani ma’lum bo‘lgan. 

Aniqlangan holatlar bo‘yicha mazkur davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, ularning yuqori turuvchi idoralariga Agentlik tomonidan tegishli taqdimnomalar kiritilib, yuqoridagi manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga barham berilishi (mansabdor shaxslarning tadbirkorlik subektlaridagi faoliyati tugatilishi) choralari ko‘rilayotgani bildirilgan. 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 9-avgustdagi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonuni 13-moddasiga asosan, davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati subektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga haqli emasligi qayd etilgan.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14 oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 595-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari”ning 13-bandida davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda tadbirkorlik yoki haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan (pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari) shug‘ullanmasligi belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

tadbirkorlik hokim mansabdor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing