O‘zbekistonda 11 noyabr ishlanmaydigan bayram kunlari qatoriga qo‘shilishi mumkin
Jamiyat
−
02 may 2023
16140O‘zbekistonda 11 noyabr sanasi ishlanmaydigan bayram kuni sifatida belgilanishi kutilmoqda. Bu bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Aytilishicha, O‘zbekistonda Kasaba uyushmalari o‘z saflarida 5,5 milliondan ziyod xodimlarni birlashtirgan eng yirik jamoat tashkiloti hisoblanadi. Uning a’zolari soni doimiy tarzda ko‘paymoqda. Shu bois, har yili 11 noyabr ‒ O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni respublikaning barcha ishchi-xodimlari tomonidan muhim sana sifatida keng nishonlanadi.
Amaldagi qonunlarda 11 noyabr sanasi ishlanmaydigan bayram kuni sifatida e’tirof etilmagan. Shuningdek, bayram tadbirlarini o‘tkazishni tashkil etish hamda xodimlarni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish mexanizmlari belgilanmagan.
Xabarga ko‘ra, mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga 11 noyabrni ishlanmaydigan bayram kunlari qatoriga qo‘shishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritilmoqda.
“Fraksiya a’zolari ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta’minlash tizimini yanada kuchaytirishga xizmat qilishini e’tiborga olib, uni qo‘llab-quvvatladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda dam oladigan bayram kunlari 9 ta hisoblanadi.
- 1 yanvar – Yangi yil;
- 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni;
- 21 mart – Navro‘z bayrami;
- 9 may – Xotira va qadrlash kuni;
- 1 sentyabr – Mustaqillik kuni;
- 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni;
- 8 dekabr – Konstitutsiya kuni;
- Ro‘za hayiti bayramining birinchi kuni;
- Qurbon hayiti bayramining birinchi kuni.