1 iyun saboqlari: Bolalar haqida siz bilgan va bilmagan haqiqatlar

Tahlil

image

Bolalik – insoniyat tarixidagi eng sof va eng beg‘ubor davrdir. Bu shunday bir go‘zal faslki, unda nafrat tuyg‘usi bo‘lmaydi, undagi quvonchlar soxta dunyoning manfaatlaridan ustun turadi. Go‘daklarning sof tabassumi, dunyoni faqat yaxshilikdan iborat deb bilishi – aslida bu chirkin dunyoni muvozanatda ushlab turgan eng katta kuchdir. Biroq bu go‘zallik va beg‘uborlik ortida juda katta mas’uliyat va ba’zan odamning yuragini uvishtiradigan raqamlar ham yashiringan.

Yer yuzida bugun qariyb 8 milliarddan ortiq inson yashaydi. Ularning 2,3 milliardga yaqini – bolalar. Bu degani, sayyoramizdagi har to‘rt kishidan biri hali voyaga yetmagan, o‘sha biz aytgan beg‘uborlik davrida yashamoqda.

StatsPanda global hisobotlariga ko‘ra, Yer yuzi bir vaqtning o‘zida ham eng yorqin quvonchga, ham eng og‘ir judolikka guvoh bo‘ladi. Siz ko‘zingizni ochib yumguncha o‘tadigan birgina soniya ichida sayyoramizda o‘rtacha 4 nafar yangi go‘dak dunyoga keladi. Tug‘ilishning ushbu shiddatli sur’ati daqiqasiga 260 nafar, kuniga esa qariyb 370 000 nafar yangi hayot mo‘’jizasi deganidir. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bolalarining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i Hindiston, Xitoy, Nigeriya va Pokistonda istiqomat qiladi. Bugungi kunda 10 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan 1,3 milliard o‘smir yashayotgani esa insoniyat tarixidagi eng yirik yosh avlodlardan biri ekanini ko‘rsatadi.

Shu dunyo deb atalmish manzilning O‘zbekiston degan nuqtasi ham yoshlar mamlakati hisoblanib, mamlakat aholisining katta qismini bolalar va yoshlar tashkil etadi. Bu mamlakatda har yili yuz minglab chaqaloqlar dunyoga keladi, minglab yangi maktablar, bog‘chalar va ta’lim muassasalari quriladi. Bu raqamlar ortida esa, bitta oddiy haqiqat yotadi: har qanday davlatning ertangi kuni bugungi bolalar qanday ulg‘ayayotganiga bog‘liq.
Shu bois ham har yili 1 iyun sanasi dunyoning o‘nlab mamlakatlarida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida nishonlanadi.

Bir bayram ortidagi katta ma’no

Ko‘pchilik uchun 1 iyun attraksionlar, konsertlar va bolalarga sovg‘alar ulashiladigan quvnoq bayram sifatida tasavvur qilinadi. Aslida esa, bu kunning mazmuni biz bilgandan ko‘ra ancha chuqurroqdir.

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bolalarning huquqlari, xavfsizligi va farovonligiga e’tibor qaratish maqsadida tashkil etilgan. Bayramning ildizlari 1925 yilga borib taqaladi. O‘sha yilning 1 iyun kuni Jenevada bolalar farovonligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tgan. Ayni shu davrda Xitoyning San-Fransiskodagi bosh konsuli ota-onasiz qolgan yetim bolalar uchun xayriya tadbirini tashkil qilgan. Keyinchalik bu g‘oya rivojlanib, 1949 yili Parijda Xalqaro xotin-qizlar demokratik federatsiyasi tomonidan rasman qo‘llab-quvvatlandi. 1950 yildan boshlab esa, 1-iyun xalqaro miqyosda nishonlana boshlandi. Biroq bu sana bolalar haqida faqat quvonchli hikoyalarni eslash kuni emas. Aksincha, bu kun dunyoga bolalar hali ham duch kelayotgan muammolarni eslatib turadigan kun hamdir.

Raqamlar ortidagi og‘riq

XXI asr texnologiyalar, sun’iy intellekt va kosmik tadqiqotlar asri sifatida tilga olinadi. Biroq shu bilan birga, millionlab bolalar uchun bu asr hanuz ochlik, qashshoqlik va zo‘ravonlik davri bo‘lib qolmoqda. Yuqorida aytganimiz – shiddatli tug‘ilish soniyalari yonida tarozi pallasining narigi tomoni ham chirsillab urib turibdi. Masalan, dunyoning qaysidir chekkasida har 6,5 soniyada 1 nafar murg‘ak go‘dak hayotdan ko‘z yumadi. Bu har daqiqada 10 nafar, bir sutkada esa 14 000 nafarga yaqin bolaning quyoshni ko‘rmay turib so‘nishi demakdir.

UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘ylab 160 million bola mehnat qilishga majbur. Ularning qariyb 79 million nafari salomatligi va hayotiga xavf tug‘diradigan og‘ir ishlar bilan shug‘ullanmoqda. Yana bir dahshatli raqam — 650 milliondan ortiq qizlar voyaga yetmasidan turmushga uzatilgan. Bu degani, yuz millionlab qizlarning bolaligi erta tugagan. Kam va o‘rta daromadli mamlakatlarda 417 milliondan ortiq bola toza ichimlik suvi, sifatli ta’lim, tibbiy xizmat va xavfsiz uy-joy kabi eng asosiy ehtiyojlardan mahrum holda yashaydi. Eng daxshatlisi, dunyoda hali ham 64 milliondan ortiq bola maktabga bora olmaydi. Har uch boladan ikkitasi esa, oziq-ovqat yetishmovchiligi yoki noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatlarini boshdan kechirmoqda. Bu raqamlar oddiy statistika emas. Har bir son ortida bir bolaning taqdiri, orzusi va hayoti turibdi.

So‘nggi yillarda bolalar eng katta zarbani qurolli mojarolardan qabul qilmoqda. Masalan, G‘azo sektoridagi urushning xalqaro tashkilotlar tomonidan “bolalar va bolalik ustidan urush” deb baholangani, shundoq ham ochiq-oydin bo‘lgan xulosani xalqaro “og‘iz”lardan eshitishni istovchilar uchun ham ochiq murojaat bo‘ldi. UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azodagi harakatlar ortidan 2023 yil oktyabridan buyon 21 mingdan ortiq bola halok bo‘lgan. 10 minglab bolalar yaralangan, minglab oilalar esa butunlay parchalanib ketgan. 56 mingdan ortiq bola ota-onasidan birini yoki ikkalasini yo‘qotgan. Ochlik, boshpana yetishmasligi va tibbiy yordamning uzilishi esa yuz minglab bolalar hayotini xavf ostida qoldirgan. Biroq bolalar uchun xavf faqatgina urushlardan iborat bo‘lmayapti. Har qadamda siz o‘z bolangizdan ayrilish ehtimolingiz shu qadar yuqoriki, bular insonni albatta sergaklatadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, masalan, oddiy yo‘l-transport hodisalari bugungi kunda 5 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lganlar o‘limining asosiy sabablaridan biridir. Har yili dunyoda 181 mingdan ortiq bola va o‘smir avtohalokatlar oqibatida hayotdan ko‘z yumadi. Bolalar taqdiriga oid ayrim voqealar esa, insoniyat xotirasida abadiy dog‘ bo‘lib qolgan.

Bolasiz uy – mozor: Dunyoni o‘zgartirgan bolalar fojiasi

Tarix insoniyatning naqadar shafqatsiz xatolarga yo‘l qo‘yganiga ko‘p bor guvoh bo‘lgan. Biroq bu xatolar va jinoyatlar badalini beg‘ubor bolalar o‘z hayoti bilan to‘laganida, dunyo butunlay larzaga keladi. Quyidagi to‘rtta yirik fojia shunchaki mudhish hodisalar emas, balki insoniyat xavfsizlik, tibbiyot va mas’uliyat tizimini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lgan qonli saboqlardir.

Beslan maktabi: Qatliomga aylangan “Bilimlar kuni” (2004 yil, Rossiya)
2004 yilning 1 sentyabr kuni Shimoliy Osetiyaning Beslan shahridagi 1-sonli maktabda hayot to‘xtadi. Yangi o‘quv yili quvonchi bilan yig‘ilgan 1128 nafar bola, ota-ona va o‘qituvchilar terrorchilar tomonidan shafqatsizlarcha garovga olindi. Uch kun davom etgan suvsizlik, ochlik va ruhiy qiynoqlardan so‘ng, maktab binosida yuz bergan portlashlar va qurolli to‘qnashuvlar oqibatida 334 kishi fojiali halok bo‘ldi. Eng dahshatli haqiqat shunda ediki, qurbonlarning 186 nafari hali hayotni anglab ulgurmagan begunoh bolalar edi.

“Sovol” paromi: Sharmandali sharafsizlik (2014 yil, Janubiy Koreya)
Ba’zida qurol emas, insoniy e’tiborsizlik va qo‘rqoqlik ham eng katta qotilga aylanishi mumkin. 2014 yil 16 aprel kuni Janubiy Koreyaning Ansan shahridagi maktabning 325 nafar yuqori sinf o‘quvchisi ekskursiya uchun “Sovol” paromida sayohatga chiqdi. Me’yordan ortiq yuklangan kema noto‘g‘ri burilish oqibatida ag‘darilib, suvga cho‘ka boshladi. Fojia paytida kema kapitani va ekipaj a’zolari bolalarga “joyingizdan qimirlamay o‘tiring” deb buyruq berib, o‘zlari kemani birinchilardan bo‘lib tashlab qochishdi. Oqibatda qutqaruvchilarni kutib, buyruqqa itoat qilgan 250 nafar o‘quvchi suv ostida qolib, halok bo‘ldi (jami qurbonlar 304 nafar). Bu e’tiborsizlik fojiasi Janubiy Koreyada kuchli siyosiy inqirozni keltirib chiqarib, Bosh vazir iste’fosiga sabab bo‘lgandi. Qo‘rqoq kapitan esa, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingandi.

Tallidomid fojiasi: Tibbiyotning qora dog‘i (1950–1960 yillar)
Fojia faqat qurol yoki kema halokati shaklida kelmaydi, u ba’zan shisha idishdagi dori ko‘rinishida ham namoyon bo‘ladi. 1950 yillarning oxirida Germaniyada ishlab chiqarilgan "Tallidomid" preparati homilador ayollardagi ko‘ngil aynishiga qarshi “mutlaqo xavfsiz dori” sifatida dunyoning 40 dan ortiq davlatida ommaviy sotila boshladi. Natija esa dahshatli bo‘ldi: dori tarkibidagi zararli moddalar tufayli butun dunyo bo‘ylab 10 000 dan ortiq bola qo‘l-oyoqsiz yoki og‘ir jismoniy nuqsonlar bilan mayib bo‘lib tug‘ildi. Ularning aksariyati go‘dakligidayoq nobud bo‘ldi. Ushbu ommaviy tibbiy fojia xalqaro farmatsevtika tizimini butunlay o‘zgartirib yubordi. Dorilarni sotuvga chiqarishdan oldin ularni laboratoriyalarda o‘ta qat’iy tekshirish qoidalari aynan shu bolalarning fojiasi evaziga joriy etilgandi.

Shisha ichidagi zahar: “Dok-1 Maks” fojiasi

Yuqoridagidek holat O‘zbekistonda ham sodir bo‘lgani shu o‘rinda eslanmasa bo‘lmas.  Mamlakat farmatsevtika va sog‘liqni saqlash tizimi tarixida hech qachon unutilmaydigan, og‘rig‘i yillar o‘tsa-da susaymaydigan bir qora sahifa edi bu. Oddiy shamollashga qarshi shifo umidida ichirilgan, Hindistonning “Marion Biotech” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va import qilingan “Dok-1 Maks” hamda “Ambronol” siroplari, afsuski, o‘nlab oilalarning chirog‘ini o‘chirgandi. Rasmiy mahkama va tergov hujjatlariga ko‘ra, ushbu zaharli siroplarni iste’mol qilish oqibatida O‘zbekistonda kamida 68 nafar begunoh bola vafot etgan. Qurbonlarning deyarli barchasi hayoti endigina boshlanayotgan 6 yoshgacha bo‘lgan go‘daklar edi. Fojia faqat o‘lim bilan cheklanmadi. Shu kungacha aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, yana 16 nafar bola ushbu doridan zaharlanib, og‘ir darajadagi buyrak yetishmovchiligi va boshqa organlarning jiddiy shikastlanishi oqibatida umrbod nogiron bo‘lib qoldi. Ularning ota-onalari va yaqinlari hanuzgacha farzandlarini oyoqqa turg‘izish uchun ruhiy va moddiy kurash olib bormoqda.

Umid uyg‘otadigan raqamlar

Maqolani o‘qib turib, har bir insoniy qalb egasi mahzun bo‘lishi turgan gap. Dunyo hamjamiyati bergan bu raqamlar-u, hikoyalarni ko‘rib, inson ichiga qo‘rquv va xavotir o‘rnashadi. Shunga qaramay, albattaki bolalar hayoti bilan bog‘liq barcha statistika faqat qayg‘uli ko‘rinishda emas. Keling, hayotning yorqinroq taraflariga ham birga nazar solamiz.

Quvonchlar ichidagi eng quvonarli holat shuki, insoniyat tarixida hali hech qachon bugungidek ko‘p bola savodli bo‘lmagan. Ma’lumotlarga qaraganda, hozirgi kunda 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning savodxonlik darajasi 90 foizdan oshgan. Oxirgi yigirma yil ichida esa, maktabga chiqmaydigan qizlar soni 100 milliondan ortiqqa kamaygan. Ko‘plab mamlakatlarda qizlar va o‘g‘il bolalarning ta’lim olish imkoniyatlari deyarli tenglashgan. Ha, deyarli!

Ochiq manbalarga qaraydigan bo‘lsak, 1990 yildan buyon 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi qariyb 60 foizga qisqardi. Millionlab bolalar emlash dasturlari, toza suv va zamonaviy tibbiyot tufayli hayotda qolmoqda. Psixologlarning aytishicha, sog‘lom bola kun davomida yuzlab marta kular ekan. Balki shuning uchun ham bolalar insoniyatning eng katta optimizmi va eng kuchli umidi hisoblanadi.

Bolalarning himoyasi kimning qo‘lida?

Bolalar huquqlarini himoya qilish yo‘lidagi eng muhim qadam 1989 yili qabul qilingan BMTning Bolalar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi bo‘ldi. U ilk bor bolani alohida huquqlarga ega mustaqil shaxs sifatida tan oldi. Yashash, ta’lim olish, himoyalanish va o‘z fikrini erkin bildirish huquqlari xalqaro darajada kafolatlandi. Xalqaro mehnat tashkilotining 182-konvensiyasi esa, bolalar qulligi, bolalarni qurolli mojarolarga jalb qilish va eng xavfli mehnat shakllarini qat’iyan taqiqladi. Tarix davomida ayrim davlatlar ham bu borada namuna bo‘lgandi. Masalan, Buyuk Britaniya bolalar mehnatini cheklagan ilk mamlakatlardan biri bo‘ldi. Fransiya esa, bepul va majburiy ta’lim tizimini joriy etdi.

San’at va madaniyat: Befarq qolmagan vijdonlar nolasi

Albatta, bolalar haqidagi raqamlar, qonunlar va xalqaro hisobotlar muammoning ko‘lamini ko‘rsatadi, ammo ba’zan bitta qo‘shiq yoki bitta film minglab sahifa hisobot ayta olmagan haqiqatni inson qalbiga yetkazadi. Shu bois dunyo madaniyati va san’ati bolalar huquqlari, urush qurbonlari, ochlik, zo‘ravonlik va yetimlik mavzusiga doimo alohida e’tibor qaratib keladi.

Masalan, pop musiqasi qiroli deb tan olingan Maykl Jekson o‘z ijodida bolalar mavzusini eng ko‘p ko‘targan san’atkorlardan biri hisoblanadi. Uning “Heal the World” (“Dunyoni davola”) qo‘shig‘i insoniyatni urushlar, ochlik va adolatsizlikdan aziyat chekayotgan bolalar taqdiri oldida birlashishga chaqirgan haqiqiy global madhiyaga aylangandi. “The Lost Children” (“Yo‘qolgan bolalar”) qo‘shig‘i esa uyidan, oilasidan yoki xavfsiz hayotdan mahrum bo‘lgan millionlab bolalarga bag‘ishlandi.

Chempionlikdan ham ulug‘roq g‘alaba

Sportchilar ko‘pincha maydondagi g‘alabalari bilan esga olinadi, ammo ayrim sport yulduzlari borki, ularning eng katta yutug‘i millionlab bolalar hayotiga ta’sir ko‘rsatgan insonparvarlik faoliyati hisoblanadi. Senegallik futbolchi Sadio Mane ana shunday insonlardan biri bo‘ldi. U qimmatbaho saroylar yoki superkarlarga emas, o‘z qishlog‘idagi bolalar kelajagiga sarmoya kiritishni tanladi. U tug‘ilib o‘sgan Bambali qishlog‘ida maktab, shifoxona va sport infratuzilmasini barpo etdi. Natijada minglab bolalar sifatli ta’lim va tibbiy xizmat olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. “Barselona” futbol klubining UNICEF bilan hamkorligi ham sport tarixidagi eng ramziy tashabbuslardan biri hisoblanadi. Ko‘plab klublar homiylardan mablag‘ olgan bir paytda, kataloniyaliklar bolalar manfaati uchun o‘z mablag‘ini xalqaro loyihalarga yo‘naltirishni afzal ko‘rgandi. Bu hamkorlik dunyo bo‘ylab millionlab ehtiyojmand bolalarning ta’lim va himoya dasturlariga xizmat qildi.

O‘zbek xalqining bolajonligi haqida dunyoga aytilgan hikoya

Bolalar haqida so‘z ketganda, o‘zbek kinematografiyasining betakror durdonalaridan biri — “Sen yetim emassan” filmini eslamaslik mumkin emas. Rejissyor Shuhrat Abbosov tomonidan 1962 yilda suratga olingan ushbu film nafaqat o‘zbek kinosi, balki insonparvarlik mavzusidagi eng ta’sirli asarlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Film haqiqiy tarixiy voqealarga asoslangan. Unda Ikkinchi jahon urushi yillarida turli millat vakillaridan bo‘lgan 14 nafar yetim bolani o‘z bag‘riga olgan toshkentlik Shoahmad Shomahmudov va Bahri Akramova oilasining hayoti tasvirlangan. Urush millionlab insonlarni uyidan judo qilgan bir paytda, Toshkent ko‘plab bolalar uchun ikkinchi Vatanga aylangan edi. Rus, ukrain, belarus, tatar, moldavan va boshqa millatlarga mansub bolalar o‘zbek oilasi mehrini his qilib ulg‘aydi. Film ana shu insonparvarlik, bag‘rikenglik va mehr-oqibat g‘oyalarini butun dunyoga namoyon qildi.

Xulosa o‘rnida

Bolalar haqida gap ketganda, statistika hech qachon shunchaki raqam bo‘lib qolmaydi. 2,3 milliard bola – bu 2,3 milliard orzu, shuncha taqdir va huddi shuncha kelajak deganidir. Bolalar haqidagi har qanday suhbat oxir-oqibat bir haqiqatni qayta va yana qayta isbotlaydi: dunyo kelajagi haqida qayg‘urish – bu avvalo bolalar taqdiri haqida qayg‘urish demakdir. Shu sabab bolaning xavfsizligi, ta’limi, sog‘ligi va baxti uchun qilinayotgan har bir ish aslida insoniyatning o‘z kelajagiga kiritayotgan eng katta sarmoyasi hisoblanadi. San’at ham, sport ham, qonunlar ham va butun insoniyatning ezgu intilishlari ham aynan shu maqsadga xizmat qilishi bilan yanada qadrlidir. Chunki dunyoni o‘zgartirishning eng ishonchli va to‘g‘ri yo‘li – bir bolaning hayotini yaxshilashdan boshlanadi.

Barcha bolajonlarga kattalarning chirkin ishlaridan omonda qolishini, mana shunday tuban statistik raqamlarni baxt va quvonch raqamlariga aylanishini tilab, QALAMPIR.UZ tahririyati 1 iyun – Xalqaro bolalar kuni bilan tabriklaydi.


Maqola muallifi

Teglar

fojia bayram 1 iyun' Bolalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing