Nepaldagi dahshatli fojia sababi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
16:29 4545 2 daqiqa
World Weather Attribution (WWA) tadqiqotchilar guruhi joriy yilning avgust oyida Nepal va Tibetda vayrongarchiliklarga olib kelgan muzlik ko‘chishiga iqlim o‘zgarishi sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqada haroratning shiddat bilan ko‘tarilishi Himolay tog‘laridagi muzliklarning erishiga olib kelgan.
Tadqiqotda qayd etilishicha, joriy yilning avgust oyida Himolay mintaqasidagi o‘rtacha harorat me’yordan taxminan 5 daraja Selsiyga yuqori bo‘lgan. O‘rtacha haroratning 1,5 darajaga oshishi aynan iqlim o‘zgarishi oqibatida yuz bergan. O‘tgan yilning oktyabr va noyabr oylaridagi ko‘p qor yog‘ishi ham erigan suv hajmining ortishiga olib kelgan.
2000 yildan beri mintaqadagi muzliklar yiliga taxminan yarim metrdan pasayib bormoqda, bu esa tog‘ jinslariga tushadigan bosim va yuklamaning o‘zgarishiga sabab bo‘lmoqda. Abadiy muzliklarning erishi, shuningdek, qoya devorini zaiflashtirgan bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 avgust kuni Langtang-Lirung tog‘ida muzlik o‘pirilishi yuz bergandi. Muzning bir qismi Lxende-Kxola daryosi darasiga qulab, daryo o‘zanining to‘silib qolishiga olib keldi. Kaskad effekti sababli yana uchta daryo zarar ko‘rdi. Vujudga kelgan loyqa toshqinlari Nepalning oltita hududida va Xitoyning Tibet muxtor tarmog‘ida vayrongarchiliklarni keltirib chiqardi. 15 sentyabr holatiga ko‘ra, fojia oqibatida halok bo‘lganlar soni deyarli 1,4 ming kishiga yetdi.
Live
Barchasi