“Favqulodda iqtidorli edi”. Fojiali halok bo‘lgan o‘quvchi taniqli shoirning farzandi ekani ma’lum bo‘ldi
3-sahifa
−
18:52 4127 3 daqiqa
Avvalroq, Toshkent shahridagi maktab-internatining 16 yoshli o‘quvchisi Shohidbek Jamoliddinov yotoqxonaning 4-qavatidan tushib ketib, halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, u shoir, O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasining “Adib” nashriyoti bosh muharriri Nosirjon Jo‘rayevning farzandi. Bu haqda kecha, 15 sentyabr kuni Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev o‘zining Facebook’dagi sahifasida e’lon qilgan ta’ziyanomasida yozib qoldirgan.
“Har gal ko‘rishsak farzandlar yutuqlari suhbatimizning umumiy mavzusiga aylanib ketardi. Bu yigitda favqulodda iqtidor va intellekt namoyon bo‘lib borayotgan edi. Kursdoshim, taniqli shoir Nosirjon Jo‘rayevga farzandi Shohidbekning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildiramiz. Hech kimni farzand dog‘i bilan sinamasin!” deb yozgan Husan Tangriyev.
Ma’lumot uchun, Nosirjon Jo‘rayev 1984 yili Namangan viloyatida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlagan. Yozuvchilar uyushmasining Yoshlar bilan ishlash bo‘limi adabiy maslahatchisi, “Adib” nashriyoti bosh muharriri, “Sharq” nashriyoti bosh muharrir o‘rinbosari, G‘afur G‘ulom nashriyoti bosh muharriri vazifalarida ishlagan.
O‘zi nima bo‘lgan edi?
Maktab-internat yotoqxonasining to‘rtinchi qavatidan tushib ketib, og‘ir jarohat olgan Shohidbek Jamoliddinov 10 kunlik davolanishdan so‘ng vafot etgan. Marhum Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati o‘quvchisi bo‘lgan. Maktab mas’ul xodimining QALAMPIR.UZ’ga bildirishicha, ta’lim tashkiloti binosi hali to‘liq qurib bitkazilmagani sababli unga qabul qilingan o‘quvchilar Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internati binosida vaqtinchalik tahsil olayotgan bo‘lgan. Mazkur maktab binosiga yaqin bo‘lgani uchun, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati o‘quvchilari Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti yotoqxonasiga joylashtirilgan. Fojia ham aynan shu yotoqxonada sodir bo‘lgan.
QALAMPIR.UZ suhbatlashgan, shaxsini oshkor qilishni istamagan guvohlardan birining so‘zlariga ko‘ra, marhum o‘quvchi yotoqxonaning 4 qavatida yashagan. U baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan kunda o‘z xonasining deraza qismiga yaqin holatda bo‘lgan. Bildirilishicha, o‘quvchi qo‘lida ushlab turgan planshet apparatining derazadan tushib ketish vaqtida uni tutib qolishga intilgan. Oqibatda esa o‘quvchi pastga tushib ketgan.
Bolani shifoxonaga olib borishganda, uning yoniga borgan otasi boladan hodisa haqida so‘ragan va Shohidbek Jamoliddinov ham otasiga planshetni tutib qolishga uringani tufayli yiqilib tushganini aytgan. Hodisaga guvoh bo‘lgan boshqalar ham marhum o‘quvchi yiqilgan joyda planshet qurilmasi bor bo‘lganini tasdiqlagan.
Qayd etish joiz, ushbu ma’lumotlar hali rasman tasdiqlanmagan.
Ma’lum bo‘lishicha, uning bosh miyasi lat yegan va umurtqa-orqa miyasidan ham jarohat olgan. Shuningdek, ko‘krak qafasidan jarohat olib, o‘pkasi va yuragi lat yegan. Bundan tashqari, uning tanasining turli qismlaridagi, jumladan, tovoni va dumg‘aza suyaklari singan. Bola hodisadan so‘ng koma holatiga tushgan.
QALAMPIR.UZ’ning aniqlashicha, uning yiqilgan joyi sun’iy chim bilan qoplangan. Voqeani xonadoshlari ko‘rgan va tez yordam chaqirilib, shifoxonaga olib borilgan. Shifokorlar unda bir necha kun davolash muolajalarini olib borgan, biroq shunga qaramay kecha, 15 sentyabr kuni tongda o‘quvchining yurak urishi to‘xtagan. Shifokorlar uni yarim soatdan ortiq vaqt davomida jonlantirishga uringan, biroq uni hayotga qaytarishning imkoni bo‘lmagan.
Ma’lumot uchun, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati Toshkent shahrida yangi tashkil etilgan davlat ta’lim muassasasi hisoblanadi. U Prezidentning 2025 yil 15 maydagi 86-sonli Farmoni asosida faoliyat boshlagan. Maktab “Iqtidorli bolalar dasturi” doirasida tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatdagi iste’dodli yoshlarni yuqori sifatli ta’lim bilan ta’minlashga qaratilgan. Muassasa 2025–2026 o‘quv yilidan boshlab o‘z faoliyatini boshlagan.
Live
Barchasi