Ish tashlashning qonuniy tartibi belgilandi
Jamiyat
−
11 iyun 2272 3 daqiqa
O‘zbekistonda ish tashlashni amalga oshirishning qonuniy tartiblari belgilandi. Bu haqda bugun, 11 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasining 1150-son qonuni bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ushbu hujjat bilan Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, agar yarashtirish taomillari orqali jamoaviy mehnat nizosini hal qilishning iloji bo‘lmasa, mehnat jamoasi ish tashlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Ish tashlashda qatnashish ixtiyoriy. Hech kim ish tashlashda qatnashishga yoki unda qatnashmaslikka majbur qilinishi mumkin emas.
Ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror tashkilot xodimlarining umumiy yig‘ilishida qatnashayotgan xodimlarning 50 foizidan ko‘prog‘i yoqlab bergan ovozi bilan qabul qilinadi. Qaror qabul qilish ish tashlash boshlanishidan kamida 1 oy oldin amalga oshiriladi.
Xujjatga ko‘ra, Kasaba uyushmasi qo‘mitasi ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror haqida ish beruvchini qaror qabul qilingan paytdan 1 ish kunidan kechiktirmay yozma ravishda xabardor qilishi kerak.
Bunda ish beruvchi bo‘lajak ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risida yozma xabarnomani olgan paytdan e’tiboran 1 ish kunidan kechiktirmay jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlarini yozma ravishda ogohlantiradi.
Ish tashlash paytida xodimning ish joyi saqlanib qoladi
Qonun bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ish tashlashga kasaba uyushmasi qo‘mitasining vakolatli vakili rahbarlik qiladi. Xodimning ish tashlash bilan bog‘liq jarayonda ishtirok etgani uni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin emas.
Belgilangan tartiga ko‘ra, ish tashlash paytida unda ishtirok etadigan xodimning ish joyi va lavozimi saqlanib qoladi. Ish beruvchi xodimga u ish tashlashda qatnashgan vaqtida ish haqini to‘lamaslik huquqiga ega.
Ish tashlash insonlarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazish real xavfini keltirib chiqarsa, tinchlik va xavfsizlikka, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga, ekologik barqarorlikka tahdid solsa, sudning qaroriga asosan:
- e’lon qilingan ish tashlashning boshlanish vaqti 30 kalendar kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga kechiktirilishi;
- ish tashlash 30 kalendar kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turilishi mumkin.
Ish tashlashdagi taqiqlar
Favqulodda holat yoki favqulodda vaziyatlar paytida, urush holatida, umumiy safarbarlik e’lon qilingan davrda ish tashlash taqiqlanadi.
Qonundagi tartibga ko‘ra, ish tashlashda quyidagilarning qatnashishi mumkin emas hamda ular ishtirokidagi ish tashlash taqiqlangan hisoblanadi:
- tibbiyot xodimlari;
- davlat organining vakolatlarini amalga oshirish uchun Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan shaxslar;
- harbiy xizmatchilar, sudyalar, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning maxsus (harbiy) unvonlarga yoki martaba (malaka, mansab) darajalariga ega xodimlari;
- energiya va suv ta’minoti tizimi tashkilotlari xodimlari;
- aloqa tizimi xodimlari.
Bildirilishicha, agar Mehnat kodeksi va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan talablarni buzgan holda ish tashlash amalga oshirilgan yoki ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa, bu noqonuniy ish tashlash deb topiladi.
Live
Barchasi