O‘zbekiston YAIM hajmi 6 yilda 200 mlrd dollarga chiqishi mumkin
Jamiyat
−
18 Oktabr
4496O‘zbekistonda 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmi 160 mlrd dollardan 200 mlrd dollargacha ko‘tarilishi mumkin. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar masalasida Prezident huzurida o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng ma’lum qildi.
Norqulovga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda 2030 yilga borib YAIMni 160 emas, bemalol 200 mlrd dollargacha olib chiqishni, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIMni 4000 dollar emas, 5000 dollardan ham ko‘proq miqdorga olib chiqish imkoniyati borligini ko‘rsatib bergan.
Bundan tashqari, yig‘ilishda inflyatsiya bo‘yicha prognozlar ham qayta ko‘rib chiqilgan.
Unga ko‘ra, Prezident tomonidan 2025 yildagi davlat byudjetini shakllantirish va uning ijrosini ta’minlashda tejamkorlik va barqarorlikka rioya etish, eng asosiysi, davlat byudjeti taqchilligini 3 foizgacha tushirish, inflyatsiya darajasini 7 foizdan oshirmaslik vazifasi qo‘yilgan.
“Inflyatsiya 2026 yilda 5-6 foiz darajasida saqlanishi va 2027 yildan boshlab 5 foiz va undan past bo‘lishi kutilyapti”, deydi vazir o‘rinbosari.
Vazir o‘rinbosarining bildirishicha, O‘zbekistonning suveren reytingini investitsion darajaga olib chiqish bo‘yicha ham topshiriq berilgan. Unga ko‘ra, 2024 yil yakunlari bo‘yicha YAIM hajmi 111 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda O‘zbekiston Respublikasining nominal yalpi ichki mahsulot hajmi 125,6 trillion so‘mga (10,7 milliard dollarga) oshib, 1 192,2 trillion so‘m (101,6 milliard dollar)ni tashkil etgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi