O‘zbekiston “Yagona Xitoy” tamoyilini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston tomoni Tayvanda bo‘lib o‘tgan saylovlar bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotgani hamda “Yagona Xitoy” tamoyilini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.

“Yagona Xitoy” tamoyilini qat’iy qo‘llab-quvvatlashimiz va Xitoy Xalq Respublikasi hukumati Xitoyning yagona qonuniy hukumati, Tayvan esa Xitoy hududining ajralmas qismi ekanini yana bir bor ma’lum qilamiz”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, TIV O‘zbekiston tomoni materik Xitoy va Tayvan oroli o‘rtasidagi munosabatlarning tinch yo‘l bilan rivojlanishi tarafdori ekanini ta’kidlagan hamda XXR hukumatining mamlakatni birlashtirish yo‘lidagi barcha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Tayvan oroli 1949 yildan beri o‘zini Xitoydan mustaqil ekanini e’lon qilgan. O‘shanda Chang Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchraganidan keyin u yerga qochib ketgan va oroldagi hokimiyatni egallagan. Biroq Pekin Tayvanni Xitoy Xalq Respublikasi provinsiyalaridan biri deb hisoblaydi. Dunyoning ko‘plab davlatlari ham “Yagona Xitoy” tamoyiliga amal qiladi. Xususan, AQSH ham “Yagona Xitoy” tamoyilini tan olishini aytsa-da, Tayvanni harbiy qurollar bilan ta’minlaydi.

Eslatib o‘tamiz, 13 yanvar kuni Tayvanda ma’muriyat rahbari va orolning qonun chiqaruvchi yuan (parlament) deputatlari saylandi. Ma’muriyat rahbarining amaldagi o‘rinbosari, Tayvan Demokratik progressiv partiyasi vakili Lay Sinde orolning yangi yetakchisi lavozimi uchun kurashda g‘alaba qozondi – u 40,05 foiz ovoz oldi. Asosiy muxolifatdagi Gomindan partiyasi vakili Xou Yui 33,49 foiz, markazchi Tayvan Xalq partiyasi raisi Ke Venchje 26,46 foiz ovoz oldi. Muxolifat saylovlarda mag‘lubiyatga uchraganini tan oldi.

AQSH Prezidenti Jo Bayden esa Vashington Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ham Tayvan masalasi oroldagi o‘zgarishlardan qat’i nazar, XXRning ichki ishi bo‘lib qolishini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Xitoy Tayvan'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing