O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar qachon tiklanishi mumkinligi aytildi

Olam

image

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi aviaqatnovlarni mart-aprel oylarida tiklanishi mumkin. Bu haqda Transport vazirining o‘rinbosari Jasurbek Choriyev jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Rossiya aviaqatnovlarini tiklash bo‘yicha vakolatli organi – maxsus komissiyaga muntazam parvozlarni tiklash bo‘yicha murojaatnoma xatini yuborgan.

Transport vaziri o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tajribasi va hukumati talab qiladigan zarur standartlar, xususan, aholining kasallanish darajasi o‘rganilgan.

Choriyevning aytishicha, O‘zbekiston Rossiya komissiyasi tomonidan belgilangan mezonlarga javob beradi va Respublikada ushbu masalani ijobiy hal qilish uchun barcha asoslar mavjud.

“Men shoshilmayman, lekin mart-aprel oylarida ijobiy natija bo‘ladi deb o‘ylayman. Hozircha biz mamlakatdagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida to‘liq ma’lumot bergan bo‘lsak-da, javob ololmadik”, deydi vazir o‘rinbosari.

Moskvada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya Tashqi ishlar vazirlari o‘rtasidagi uchrashuv chog‘ida ham ikki mamlakat o‘rtasidagi doimiy aviaaloqani tiklash masalasi ko‘rib chiqilgan.

“Umid qilamizki, tez orada vaziyat avvalgi barqaror holatiga qaytadi”, deya ta’kidlagan edi Sergey Lavrov.

Abdulaziz Komilov, o‘z navbatida, Moskvaga kelgan O‘zbekiston delegatsiyasi hozirda barcha muammolar ustida ish olib borayotganini qo‘shimcha qilgan.

“Eng asosiysi, biz Rossiyadagi fuqarolarimizning aloqa va mehnat faoliyatini tiklashdan o‘zaro manfaatdormiz. Endi biz ushbu muammolarning barchasini birgalikda hal qilishga harakat qilmoqdamiz”, deydi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov.

Eslatib o‘tamiz, bir hafta oldin Toshkent Deli bilan, 11 fevraldan esa Germaniya bilan aviaqatnovlarni tiklagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya aviaqatnov

Baholaganlar

2621

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing