O‘zbekiston turizm mahsulotlarining targ‘iboti uchun 50 mlrd so‘m sarflaydi
Jamiyat
−
05 may 2023
3312O‘zbekistonning turizm mahsulotini xorijga targ‘ib qilish uchun 2023 yilda 50 milliard so‘mlik xarajat qiladi. Bu haqda “O‘zbekistonning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarorida ma’lum qilindi.
Qarorda ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning turizm mahsulotini xorijiy turizm bozorlarida targ‘ib qilishga 2023 yilda 50 milliard so‘m ajratiladi. Shuningdek, Madaniyat va turizm vazirligiga bir oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda muzey va teatrlarning dam olish va bayram kunlarida, shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun qulay vaqtlarda ishlashini ta’minlash topshirig‘i berildi.
2023 yil 1 iyunga qadar O‘zbekistonning milliy turizm mahsulotlari va xizmatlarini xalqaro nufuzli turistik va marketing platformalarida reklama qilish xarajatlarini qoplab berish tartibini tasdiqlash vazifasi ham qo‘yilgan.
Bundan tashqari, har yili davlat byudjetidan Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga O‘zbekistonning turizm mahsulotini xorijiy turizm bozorlarida targ‘ib qilish uchun ajratiladigan mablag‘lar Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi “Milliy PR-markazi” DUKga belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun o‘tkazib berildi.
Nurmuhammad Fayzullayev