Qozog‘iston turizm sohasida O‘zbekistondan o‘zib ketdi
Jamiyat
−
11:59 4931 2 daqiqa
2025 yil yakunlariga ko‘ra, Qozog‘iston Markaziy Osiyoda turizmning iqtisodiyotga qo‘shgan umumiy hissasi bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqib, ilk bor O‘zbekistonni ortda qoldirdi. Bu haqda World Travel & Tourism Council (WTTC) hisobotida qayd etildi.
WTTC ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Qozog‘istonda turizmning yalpi ichki mahsulotga qo‘shgan hissasi 9,3 milliard dollarni tashkil etgan. Bu Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, bir yil ichida 16,2 foizga o‘sgan.
O‘zbekistonda esa turizmning iqtisodiyotga qo‘shgan hissasi 8,3 milliard dollarni tashkil qilgan. Shu bilan birga, tarmoqning iqtisodiyotdagi ulushi bo‘yicha O‘zbekiston hali ham mintaqada yetakchi hisoblanadi. 2025 yilda turizm mamlakat YAIMining 6 foizini tashkil etgan bo‘lsa, Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 3,2 foizni tashkil qildi.
Hisobotda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Qozog‘iston turizm infratuzilmasini rivojlantirish va sohaga investitsiyalarni ko‘paytirish hisobiga o‘z pozitsiyalarini sezilarli darajada mustahkamladi. Shuningdek, mamlakat xalqaro turizm reytinglarida ham yuqorilab, 2025 yilda U.S. News & World Report'ning “Turizm va madaniyat” reytingida O‘zbekistondan yetti pog‘ona yuqori o‘rinni egallagan.
WTTC prognozlariga ko‘ra, 2026 yilda Qozog‘istonda turizmning iqtisodiyotga qo‘shgan hissasi qariyb 13 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bu O‘zbekiston uchun prognoz qilingan 3,6 foizlik o‘sishdan yuqori hisoblanadi.
Hisobotga ko‘ra, umumiy Markaziy Osiyoda 2025 yil davomida turizmning yalpi ichki mahsulotga qo‘shgan hissasi 17,7 foizga, xorijiy sayyohlar xarajatlari esa 26,4 foizga oshgan. Taqqoslash uchun, ushbu ko‘rsatkich Shimoli-Sharqiy Osiyoda 8,7 foizga, Janubi-Sharqiy Osiyoda esa 7,6 foizga o‘sgan.
Eslatib o‘tamiz, 31 iyul kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Cho‘lponota shahrida o‘ttgan Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining norasmiy maslahat uchrashuvida Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida umumiy amal qiluvchi yagona turistik viza tashkil etilishi mumkinligini aytgandi.
Live
Barchasi