O‘zbekiston tovarlariga Pokistonda ombor tashkil etilishi mumkin

Olam

image

O‘zbekiston tovarlari uchun Pokiston portida maxsus ombor tashkil etilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, Savdo-sanoat palatasi va Pokistondagi O‘zbekiston elchixonasi hamkorligida tadbirkorlar delegatsiyasining Karachi portiga rasmiy tashrifi amalga oshirilgan. 

Tashrifning asosiy maqsadi – o‘zbek mahsulotlarini va brendlarini xalqaro bozorlarga chiqarishda Karachi porti orqali eksport imkoniyatlarini kengaytirish, logistika sharoitlarini yaxshilash va yangi hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqishdan iborat bo‘lgan.

Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi port ma’muriyati va logistika kompaniyalari bilan uchrashib, infratuzilma, bojxona, tranzit va yuk tashish tartiblari bo‘yicha aniq ma’lumotlar olgan. Port rahbariyati o‘zbek mahsulotlarini qabul qilish va qayta yuklash uchun barcha sharoitlar mavjudligini ta’kidlagan.

Muzokaralarda O‘zbekiston tovarlari uchun port hududida maxsus ombor tashkil etish taklifi ilgari surilgan. 
Port ma’muriyati to‘qimachilik, meva-sabzavot, charm, kimyo va qurilish materiallariga yuqori qiziqish bildirib, ularning xalqaro raqobatbardoshligini qayd etgan.

Shuningdek, tadbirkorlarga konteyner parki, raqamlashtirilgan bojxona va yuk kuzatuv tizimlari haqida ma’lumotlar taqdim etilgan.

“Karachi portiga tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bilan birga O‘zbekiston tovarlari uchun yangi eksport yo‘llarini ochishda muhim qadam bo‘ldi. Savdo-sanoat palatasi bu yo‘nalishda amaliy ishlar boshlanganini ma’lum qildi”, deyiladi xabarda. 

Ma’lumot uchun, Karachi porti Pokistonning eng yirik dengiz porti va Janubiy Osiyodagi asosiy logistika markazi. U orqali millionlab tonna yuk Yevropa, Amerika, Osiyo va Afrika bozorlariga yetkaziladi. Shu jihatdan port O‘zbekiston uchun muhim strategik ahamiyatga ega.


Maqola muallifi

Teglar

Pokiston Karachi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing