O‘zbekiston “Tolibon”dan qochgan afg‘onlarga o‘z chegarasini ochdimi? TIV izoh berdi

Jamiyat

image
Yevropa afg‘onlarning vizasi bo‘yicha O‘zbekistonga umid bildirmoqda  north_east

Yevropa afg‘onlarning vizasi bo‘yicha O‘zbekistonga umid bildirmoqda 

Bugun, 30 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekiston Afg‘onistonda “Tolibon” rejimidan qochganlarga o‘z chegaralarini ochishga tayyorligi” haqida xabarlar tarqaldi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qildi:

•  xavfsizlikni ta’minlash maqsadida hozirda O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasi to‘liq yopilgan va Termiz nazorat punkti orqali o‘tish amalga oshirilmayapti;

•  o‘zbek-afg‘on chegarasidagi Termiz nazorat-o‘tkazish punktini yaqin kelajakda ochish rejalashtirilmagan;

•  chegarani kesib o‘tishga bo‘lgan har qanday urinishlar, sabablaridan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

“O‘tgan 12 kun ichida O‘zbekiston bir qator davlatlarga Afg‘onistondan fuqarolarini evakuatsiya qilishda faqat mamlakat havo hududi orqali insonparvarlik operatsiyalarini amalga oshirishda yordam ko‘rsatdi”, deyiladi TIV xabarida.

Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida afg‘on qochqinlarini qabul qilmayotgani, lekin tranzit jarayonida yordam berayotganini yana bir bor qayd etgan.

“Biz yana bir bor ta’kidlaymizki, O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston bilan an’anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini hamda qo‘shni davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillarini qo‘llab-quvvatlashga sodiqdir”, deyiladi xabarda.

Rasmiy Toshkentning Afg‘onistondagi keskinlik paytida evakuatsiya bo‘yicha ko‘rsatayotgan yordami

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston nafaqat afg‘onistonlik qochqinlarni o‘z vataniga qaytarish bo‘yicha ishlar olib bormoqda, balki xorijiy fuqarolarni Afg‘onistondan evakuatsiya qilish bo‘yicha Yevropa davlatlariga ko‘maklashmoqda. Bu uchun albatta, minnatdorlik bildirgan davlat rahbarlari ham bo‘ldi.  

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan bir necha kun mobaynida O‘zbekiston hududi orqali xorijiy davlatlarning 1982 fuqarosi evakuatsiya qilindi. Ushbu jarayonlarda Toshkent-3 mahalliy aeroporti tranzit vazifasini o‘tamoqda. Bundan tashqari, ushbu jarayonlarga Buxoro va Nukus aeroportlari ham jalb qilingan.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi quladi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’foga chiqqanini e’lon qildi. Shu bilan mamlakatda hokimiyat “Tolibon” qo‘liga o‘tdi.

2001 yil Afg‘onistonga kirgan AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlarining asosiy qismi mamlakatni tark etdi. G‘arb davlatlarining Qobulda qolgan kuchlari diplomatlarni va o‘zlariga yordam bergan afg‘onlarni evakuatsiya qilish bilan band. “Tolibon” siyosiy idorasi vakili Muhammad Naim Afg‘onistonda 20 yil davom etgan urush tugaganini e’lon qildi. Joriy yilning 19 avgust kuni esa toliblar Afg‘onistonni Islom Amiriligi, deb e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

127

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing