Yevropa afg‘onlarning vizasi bo‘yicha O‘zbekistonga umid bildirmoqda 

Jamiyat

image

Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston hukumati respublikada bo‘lib turgan Afg‘oniston fuqarolarining viza muddati uzaytirilishiga umid bildirmoqda. Bu haqda Ittifoqning respublikadagi elchisi Sharlotta Adrian ma’lum qilgan.

“Ko‘plab afg‘onlar O‘zbekistonda bo‘lib turibdi, biz ularning sonini aniq bilmaymiz. Balki rasmiylar bu odamlar uchun vizani uzaytirish haqida o‘ylab ko‘rar”, deydi Sharlotta Adrian.

Foto: Sharlotta Adrian

U 2020 yilda O‘zbekiston koronavirus pandemiyasi tufayli transport cheklovlari o‘rnatilgach, uyiga qaytolmagan chet elliklarga viza muddatlarini bir necha bor uzaytirganini eslatgan.

“Biz bu odamlarga (afg‘onlar — tahr.) qanday yordam berish haqida o‘ylashimiz kerak. Ushbu savol ochiq qolmoqda”, deya qo‘shimcha qildi elchi.

Rasmiy Toshkentning Afg‘onistondagi keskinlik paytida evakuatsiya bo‘yicha ko‘rsatayotgan yordami

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston nafaqat afg‘onistonlik qochqinlarni o‘z vataniga qaytarish bo‘yicha ishlar olib bormoqda, balki xorijiy fuqarolarni Afg‘onistondan evakuatsiya qilish bo‘yicha Yevropa davlatlariga ko‘maklashmoqda. Bu uchun albatta, minnatdorlik bildirgan davlat rahbarlari ham bo‘ldi.  

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan bir necha kun mobaynida O‘zbekiston hududi orqali xorijiy davlatlarning 1982 fuqarosi evakuatsiya qilindi. Ushbu jarayonlarda Toshkent-3 mahalliy aeroporti tranzit vazifasini o‘tamoqda. Bundan tashqari, ushbu jarayonlarga Buxoro va Nukus aeroportlari ham jalb qilingan.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi quladi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’foga chiqqanini e’lon qildi. Shu bilan mamlakatda hokimiyat “Tolibon” qo‘liga o‘tdi.

2001 yil Afg‘onistonga kirgan AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlarining asosiy qismi mamlakatni tark etdi. G‘arb davlatlarining Qobulda qolgan kuchlari diplomatlarni va o‘zlariga yordam bergan afg‘onlarni evakuatsiya qilish bilan band. “Tolibon” siyosiy idorasi vakili Muhammad Naim Afg‘onistonda 20 yil davom etgan urush tugaganini e’lon qildi. Joriy yilning 19 avgust kuni esa toliblar Afg‘onistonni Islom Amiriligi, deb e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

300

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing