O‘zbekiston orqali Afg‘onistondan qancha odam evakuatsiya qilingani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘tgan bir necha kun mobaynida O‘zbekiston hududi orqali xorijiy davlatlarning 1982 fuqarosi evakuatsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekiston TIV Matbuot xizmati xabar berdi.

“Qo‘shni Afg‘onistondagi og‘ir vaziyat davom etayotgani munosabati bilan, xorijiy sheriklarning so‘rovlariga javoban, shuningdek, xalqaro gumanitar huquq tamoyillariga rioya qilish ruhida, o‘z fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bir qator xorijiy davlatlar bilan yaqin hamkorlik qilmoqda”, deyiladi TIV xabarida.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda O‘zbekiston tomoni Germaniya, Rossiya, Shveysariya, Avstriya, Daniya, Polsha, Slovakiya, Qozog‘iston kabi davlatlar bilan aeroport infratuzilmasidan foydalanish xizmatlarini taqdim etish, havo makoni orqali uchishga ruxsat berish, aeroportga uchib kelish, qo‘nish, zarur texnik va logistika yordamini ko‘rsatish bo‘yicha birgalikda sa’y-harakatlar amalga oshirmoqda.

“Xorijlik hamkorlar bilan birgalikda dastlabki tarzda kelishilgan mamlakatlarga jo‘natilayotgan  ham chet el fuqarolari, ham Afg‘oniston fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilish va O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzitini amalga oshirish bo‘yicha tartibli ishlar yo‘lga qo‘yilgan”, deyiladi xabarda. 

Qayd etish kerakki, Germaniya fuqarolarini Toshkent orqali evakuatsiya qilish ikki davlat rahbarilari tomonidan muhokama qilingan. O‘z navbatida Germaniya kansleri Angela Merkel bu uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 avgust kuni Toshkent-3 mahalliy aeroporti vaqtinchalik yopildi. Keyinroq bu xorijlik fuqarolarni Afg‘onistondan evakuatsiya qilish bilan bog‘liqligi ma’lum bo‘ldi

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi quladi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’foga chiqqanini e’lon qildi. Shu bilan mamlakatda hokimiyat “Tolibon” qo‘liga o‘tdi.

2001 yil Afg‘onistonga kirgan AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlarining asosiy qismi mamlakatni tark etdi. G‘arb davlatlarining Qobulda qolgan kuchlari diplomatlarni va o‘zlariga yordam bergan afg‘onlarni evakuatsiya qilish bilan band. “Tolibon” siyosiy idorasi vakili Muhammad Naim Afg‘onistonda 20 yil davom etgan urush tugaganini e’lon qildi. Kecha, 19 avgust kuni esa toliblar Afg‘onistonni Islom Amiriligi, deb e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

156

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing