O‘zbekiston olti oyda davlat mulkini sotishdan qancha daromad ko‘rgani ochiqlandi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekistonda davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayoni tezlashdi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) rahbari Akmalxon Ortiqov IntelliNews agentligiga ma’lum qildi. 

Unga ko‘ra, joriy yilda 900 dan ortiq davlat aktivlari sotuvga qo‘yiladi. 

“O‘zbekistonda davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayoni tezlashdi. 2021 yilning birinchi yarmida davlat aktivlari jami 1,1 trillion so‘mga (105 million dollar) sotildi. Taqqoslash uchun, davlat o‘tgan to‘rt yil davomida xususiylashtirishdan 150 million dollar daromad olgan”, degan Ortiqov. 

Unga ko‘ra, 2021 yilning birinchi yarmida ob’ektlarni sotishdan tushgan mablag‘larning aksariyati (80 million dollar) 10 ta yirik ko‘chmas mulk ob’ektlariga, shu jumladan, Ichan qal’a mehmonxonasi va Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq ma’muriy binosiga to‘g‘ri keladi.  

“Agar biz bu yil maqsadlarimizga erishsak, xususiylashtirish jarayonidan 600 million dollargacha daromad olishni kutmoqdamiz”, degan Ortiqov. 

Savdoga qo‘yilgan aktivlar orasida O‘zbekistondagi ikkinchi eng yirik neftni qayta ishlash zavodi — Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining 100 foizi, Coca-Cola Bottlers Uzbekistan kompaniyasining nazorat paketi (57,1 foiz), Kafolat sug‘urta kompaniyasining 48 foizi va to‘qqizta sharob va spirtli ichimliklar ishlab chiqaruvchisi bor. Ta’kidlanishicha, moliya sohasida DABA ikkita kichik bank — Poytaxt banki va “O‘zagroeksportbank” uchun taklif olgan. 

Agentlik rahbari davlat aktivlarini sotishda favqulodda muvaffaqiyat qozonishining sabablaridan biri baholash bilan bog‘liq, deb hisoblaydi. 

“Ayni paytda biz ushbu yangi standartlar xalqaro moliya institutlari ko‘magi bilan ishlab chiqilgan bo‘lsa ham, nima uchun ishlamayotganini tanqidiy ravishda baholayapmiz. Bizning mahalliy baholovchilarimiz kompaniyalarni baholaganda, ular taklif qilgan narx kompaniyalarning bozor qiymatini aks ettirmaydi. Bu yoki juda qimmat, yoki ob’ektiv narxdan past bo‘ladi”, degan u. 

Ortiqovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda mahalliy kapital bozori mavjud bo‘lsa ham, u “yanada rivojlanishga muhtoj”. 

Avvalroq, “Beldirsoy” dam olish maskani, “Qizil suv sport-sog‘lomlashtirish maskani” MCHJ, “Sijjak” dam olish maskani DABA tomonidan sotuvga qo‘yilgani haqida xabar bergandik. 


Maqola muallifi

Teglar

DXX davlat aktivlari Ichan qal'a

Baholaganlar

98

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing