O‘zbekiston MOQ vakillari xalqaro konferensiyada ishtirok etdi
Sport
−
26 Oktabr 2021
2567Gretsiyaning Krit orolida o‘tkazilgan Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi (MOQA)ning navbatdagi Bosh Assambleyasi o‘z ishini yakunladi. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov boshchiligidagi delegatsiya ham ushbu Assambleyada qatnashdi.
Ikki kun davom etgan Assambleyaning ilk kunida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax, MOQAning amaldagi rahbari Robin Mitchel va boshqa mutasaddilar ishtirok etib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Marosimda Tomas Bax nutq so‘zlab, ortda qolgan Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarini muvaffaqiyati tashkil etishga yordam bergan Yaponiya hukumatiga Olimpiya oilasi nomidan minnatdorlik aytdi.
Epidemiologik vaziyat sababli tashkilotga a’zo 205 davlatdan 155 tasi onlayn ishtirok etdi. Bu koronavirus pandemiyasi boshlangandan beri sport tashkilotlari rahbarlarini birlashtirgan eng katta tadbir sifatida qayd etildi.
Rejaga ko‘ra, Bosh Assambleya davomida koronavirus sabab mintaqalarda Olimpiya harakatini rivojlantirish yo‘lida yuzaga chiqqan masalalar o‘rganilib, mavjud muammolarni bartaraf etish choralari va yangi strategik rejalar muhokama qilindi.
Oybek Qosimov boshchiligidagi delegatsiya vakillari Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax, MOQA rahbari Robin Mitchel va tashkilot Bosh kotibi Gunilla Lindberg, Butunjahon taekvondo WT federatsiyasi prezidenti Chungvon Choy, Xalqaro kamondan otish federatsiyasi va Turkiya MOQ prezidenti Ugur Erdener, Butunjahon yengil atletika federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti va Ukraina MOQ prezidenti Sergey Bubka, Rossiya Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Stanislav Pozdnyakov bilan uchrashib, marosimda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashishdi va ularni 2-4 noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro forumga taklif etishdi.
Ma’lumot uchun, MOQA 1979 yilda jahondagi barcha Olimpiya qo‘mitalarining qiziqishlarini o‘rganish, manfaatlarini himoya qilish maqsadida tashkil etilgan. Tashkilotning so‘nggi marosimi 2019 yil Qatarning Doha shahrida bo‘lib o‘tgan.