O‘zbekiston koronavirusni davolashda o‘lim xavfini oshiruvchi “Gidroksixloroxin” dorisidan voz kechgan
Jamiyat
−
22 iyul 2020
9811O‘zbekiston koronavirus bemorlarini davolashda “Gidroksixloroxin” dori vositasidan voz kechdi. Bu haqda “Tez yordam” ko‘rsatuvida Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi vakili Klara Yodgorova ma’lum qildi
“Pandemiya avvalida koronavirusni davolash uchun aniq dori vositasi yo‘q edi. Shunda xloroxin, gidroksixloroxin, azitramitsin kabilarni qo‘llash boshlandi. O‘rganishlar natijasida olimlar bu dorilarning nafaqat samara bermasligi, balki bemorlarda o‘lim xavfini oshirishi mumkinligini aniqlashdi”, deydi Yodgorova.
Shu sababdan O‘zbekistonda 13 iyul kuni Sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan tasdiqlanib, chop etilgan qo‘llanmada gidroksixloroxin olib tashlangan. Ammo shu dori uyda davolanayotgan bemorlarga tarqatiladigan dorilar to‘plamiga kiritilganicha qolmoqda.
“O‘zbekistondagi barcha tibbiyot muassasalari – SSV tizimidagi shifoxonalar ham, xususiy shifoxonalar ham oxirgi tasdiqlangan davolash qo‘llanmasiga rioya qilgan holda ish ko‘rishi shart. O‘ylaymanki, respublika maxsus komissiyasi yangi qo‘llanmaga asoslangan holda bepul tarqatiladigan dorilar to‘plamini qayta ko‘rib chiqib, bu dorini tarqatishni to‘xtatadi”, deya fikr bildirdi Klara Yodgorova.
O‘zbekistonga Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan kasallikdan uyida davolanayotgan koronavirus bemorlariga dorilarni bepul yetkazib berish belgilandi.
Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan dorilar to‘plamiga “Gidroksixloroxin”, “Azitromitsin”, “Paratsetamol”, “Vitamin S” kabi dori-darmonlar hamda bir martalik tibbiy niqoblarni belgilangan me’yorda kiritilgan. Dorilarni qanday qabul qilish bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.
LiveBarchasi