O‘zbekiston Xitoydagi uyg‘urlar masalasiga qaysi pozitsiyadan qaraydi? So‘z Axatovga (video)
Intervyu
−
12 fevral 2020
12734Avvalroq, Xitoy Xalq Respublikasi AQSH Davlat kotibining joriy yilning 3 fevral kuni O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifiga salbiy munosabat bildirib, uchrashuvda Pompeo Markaziy Osiyo davlatlari bilan Shinjondagi uyg‘urlar masalasini muhokama qilganini aytib chiqqan edi.
“Ushbu mavzu muhokama qilingan yoki qilinmaganligidan qat’i nazar, biz barcha tamonlarni Pompeoning xatti-harakati va shantajiga nisbatan nafratlanishiga ishonamiz.
Xitoyga tuhmat qilish, shuningdek Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni buzish uchun qilingan har qanday urinishlar, albatta, barbod bo‘ladi”, deyilgan edi elchixona rasmiy bayonotida.
Xo‘sh, Xitoy elchixonasining bu munosabatini rasmiy Toshkent qanday qabul qildi? Haqiqatan ham Maykl Pompeo bilan o‘tgan uchrashuvlarda Shinjonda qolayotgan uyg‘urlar masalasi muhokama qilindimi? QALAMPIR.UZ ushbu savollarga bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov bilan suhbatlashdi.
“Biz boshqa davlatlarning ichki ishlariga hech qachon aralashmaymiz. Ushbu masalalarga nisbatan o‘z qat’iy pozitsiyamiz bor. Biz Xitoy Xalq Respublikasini yakka Xitoy sifatida ko‘rib chiqamiz. Ko‘p davlatlar Gonkong, Tayvan masalalarini ko‘taradi. Lekin bizning pozitsiyamiz – bir Xitoy. Doim shu pozitsiyamizni qo‘llaganmiz va xitoylik hamkorlarimizga ham shuni aytib kelamiz. Xalqaro tashkilotlar doirasida yoki xalqaro tuzilmalar bo‘ladimi, doim mamlakat bilan bog‘liq bo‘lgan rezolyutsiyalar yoki qarorlar bo‘lsa, biz bu masalalarga aralashmaymiz, qo‘llab-quvvatlamaymiz. Chunki, bu mamlakatlarning ichki ishi. Bu tamoyil esa Birlashgan Millatlar Tashkilotining ustaviga ham kiritilgan. Qat’iy pozitsiyamiz shu: biz aralashmaymiz. Yana takrorlaymanki, biz bu mamlakatni yagona Xitoy sifatida tan olganmiz va bu pozitsiyamizni doim qo‘llab-quvvatlab kelamiz”.
Vazir o‘rinbosari so‘zida davom etarkan, Xitoy elchixonasining e’tirozlariga ham munosabat bildirdi.
“Xitoy Xalq Respublikasining ichki ishiga aralashmaymiz. Xitoy elchixonasiga aytdikki, ma’lum tadbirlar bo‘lganda, biz Xitoyga nisbatan bunday masalalarni hech qachon ko‘tarmaganmiz, ko‘tarmaymiz ham. Buni kelgusida muhokama qilish esa rejamizda yo‘q. Chunki, yondashuvimiz qat’iy va mantiqiy nuqtayi nazardan shunga rioya qilib kelamiz”, deydi Axatov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 fevral kuni AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo Qozog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi. U Qozog‘istonni Shinjondagi musulmon ozchiliklariga nisbatan munosabatga javoban Xitoyga bosim o‘tkazishga chaqirdi.
Pompeo mamlakat poytaxti Nur-Sultonga tashrifi chog‘ida bu masalani Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi bilan suhbatda muhokama qilgan.
“Inson huquqlarini himoya qilish millat ruhini belgilab beradi. Biz odam savdosi va Shinjonda Xitoy kommunistik partiyasi tomonidan qo‘lga olingan bir milliondan ortiq uyg‘ur musulmonlari va etnik qozoqlarning taqdirini muhokama qildik", degan Pompeo.
Qozog‘iston Tashqi siyosati rahbari Shinjonga nisbatan Xitoyni tanqid qilishdan o‘zini tiydi. U Pompeo bilan uchrashuvda uyg‘urlar mavzusiga izoh bermadi va buning o‘rniga iqtisodiy va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka e’tibor qaratdi.
Rasmiy Toshkent esa Pompeoning O‘zbekistonga tashrifi davomida o‘tkazilgan uchrashuvlarda bu masalada suhbatlashilgani haqida ma’lumot bergani yo‘q.
LiveBarchasi