O‘zbekiston elchisi Germaniya Prezidentiga ishonch yorlig‘ini topshirdi
Jamiyat
−
26 Oktabr 2023
4798O‘zbekiston Respublikasining yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Dilshod Axatov Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerga ishonch yorlig‘ini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
“Taqdimot marosimidan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbatda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Germaniya hamkorligining holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Germaniya Federal Prezidenti qarorgohida ishonch yorliqlarini topshirish marosimi yakunida O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i ko‘tarilgan.
Ma’lumot uchun, Dilshod Axatov 51 yoshda. U Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutini tamomlagan. Axatov TIV tizimida stajyor sifatida ish boshlagan hamda boshqarma boshlig‘i, Bosh boshqarma boshlig‘i, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
2010−2013 yillarda u O‘zbekistonning Germaniyadagi hamda o‘rindoshlik bo‘yicha Shveysariya, Chexiya, Shvetsiya va Ispaniyadagi elchisi bo‘lgan. Berlinga tayinlanishidan oldin Dilshod Axatov 2020–2023 yillar davomida O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasini boshqargan.
Eslatib o‘tamiz, Dilshod Axatov 2017-2023 yillarda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi lavozimida ishlagan Nabijon Qosimovning o‘rnini egallagandi. U o‘tgan oyda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi arafasida Berlinga borgandi.