Koronavirus: O‘zbekistonning Xitoyga yuborgan yordami nimani anglatadi? (video)
Jamiyat
−
12 fevral 2020
17147Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Xitoy Xalq Respublikasiga gumanitar yordam yuborish to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani, ushbu farmonga asosan, bugun, 12 fevral kuni Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportidan gumanitar yordam yuklari ortilgan samolyot yo‘lga otlangani haqida xabar bergan edik.
Rasmiy Toshkentning qayd etishicha, O‘zbekiston Xitoy Xalq Respublikasi hukumatining yangi turdagi koronavirus (nCoV-2019)ning boshqa mamlakatlarga tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha amaliy harakatlarini yuqori baholaydi. Xitoyning sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash va xavfli pandemiyani bartaraf etishga yordam berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va xalqi nomidan gumanitar yordam yuborilmoqda.
Gumanitar yordamga quyidagi tibbiy vositalar kiradi:
• bir martalik steril tibbiy rezina qo‘lqoplar;
• himoya qiluvchi kombinezonlar;
• yuz uchun filtrlovchi niqoblar;
• maxsus tibbiy formalar;
• tibbiy niqoblar;
• tibbiy doka.
Insonparvarlik yukini kuzatib borish va topshirish uchun XXRga sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyasi yuboriladi.
Insonparvarlik yordamining ikkinchi partiyasini tayyorlash maqsadida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi respublika to‘qimachilik korxonalarida tibbiy niqoblar va himoya kiyimlari tayyorlanishini ta’minlaydi.
Mazkur gumanitar yordamni shakllantirish va yetkazib berishga O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas’ul etib belgilandi. Parvoz O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi maxsus samolyotlarida amalga oshirilmoqda.
Gumanitar yordamni yo‘llash jarayoniga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov, Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim guvohlik qildi.
“Bugungi kunda Xitoy Xalq Respublikasi juda og‘ir pnevmoniyani olib keluvchi virusning yangi turi – koronavirus (nCoV-2019) bilan bog‘liq katta sinovdan o‘tmoqda. Butun dunyo hamjamiyati ayni vaqtda Xitoyni qo‘llab-quvvatlab, insonparvarlik yordamlarini ko‘rsatmoqda. Ular qatoridan O‘zbekiston ham o‘rin oladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha Xitoy xalqiga gumanitar yordam yuborishga oid hujjatni imzoladi va bugun ushbu yuklar ortilgan samolyot Pekinga yo‘lga chiqyapti.
Shuni ta’kidlashni istardimki, Xitoy nafaqat siyosiy jihatdan, balki iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy sohalarda qalin hamkori hisoblanadi”, deydi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Dilshod Axatov.
Ayni vaqtda mamlakatda insonparvarlik yordamining ikkinchi partiyasini shakllantirish ishlari boshlangan. Shu munosabat bilan mamlakatdagi to‘qimachilik korxonalari tibbiy niqoblar va himoya kostyumlarini ishlab chiqarmoqda. Ularni Xitoyga yuborish rejalashtirilgan.
“Bugungi kunda koronavirus bo‘yicha dunyoda murakkab holat saqlanib kelmoqda. Xitoy Xalq Respublikasiga aynan insonparvarlik yuki yuborilmoqda. Bu nafaqat Xitoy bilan strategik hamkorlik belgisi, balki do‘stlik rishtalari namanusi. Aynan shunday paytda do‘stlik nima ekanini bilsa bo‘ladi. Shuning uchun ham Prezidentimiz insonparvarlik yukini yuborishga qaror qildilar”, deydi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 27 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, Amerika Qo‘shma Shtatlar, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya va Belgiyada aniqlandi.
Virusdan bugungacha 1115 nafar odam halok bo‘ldi. U bilan kasallanganlar soni 45 171 nafarga yetdi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi.
Yangi koronavirusga Novel Coronavirus Pneumonia (NCP) nomi berildi. U bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
LiveBarchasi