Xavf yaqin. Koronavirusdan Markaziy Osiyoda bir kishi vafot etdi
Olam
−
12 fevral 2020
29652Turkmanistonda bir kishi Xitoyda paydo bo‘lgan yangi koronavirusdan vafot etdi. Bu haqda “Tengrinews.kz” xabar berdi.
Holat Xitoydan evakuatsiya qilingan Turkmaniston fuqarolari va China National Petroleum Corporation (CNPC) kompaniyasida ishlagan xitoyliklar joylashtirilgan karantin lagerida ro‘y bergan.
Ushbu holat ayni vaqtda qat’iy sir saqlanmoqda. Turkmen.news tomonidan aniqlanishicha, vafot etgan shaxs Xitoydagi oliygohlardan birida o‘qigan talaba bo‘lgan.
Marv viloyatida istiqomat qiladigan o‘rta yoshli fuqaroda “avval ma’lum bo‘lmagan virus infeksiyasi” aniqlangan. U ayni vaqtda og‘ir ahvolda Labop viloyatidagi karantin lagerida saqlanyapti.
Karantin lageri Turkmaniston mudofaa vazirligiga tegishli favqulodda vaziyatlar bo‘limining ko‘chma gospitalidan iborat. Uning hududida reanimatsiya, anesteziologiya, xirurgiya, sterillash xonalari va laborotoriyalar mavjud. Gospital atrofi milliy xavfsizlik xodimlari tomonidan qo‘riqlanmoqda.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 27 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, Amerika Qo‘shma Shtatlar, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya va Belgiyada aniqlandi.
Virusdan bugungacha 1115 nafar odam halok bo‘ldi. U bilan kasallanganlar soni 45 171 nafarga yetdi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi.
Yangi koronavirusga Novel Coronavirus Pneumonia (NCP) nomi berildi. U bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
LiveBarchasi