O‘zbekiston Qurbon hayiti arafasida Afg‘onistonga yordam yubordi
Jamiyat
−
16:49 498 1 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan Qurbon hayiti arafasida hamda Afg‘onistondagi sel-suv toshqinlaridan jabr ko‘rgan aholiga ko‘mak sifatida navbatdagi insonparvarlik yordami Balx viloyatiga yetkazildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Qariyb 200 tonna oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan yordam yuklari Hayraton shahridagi “Astras” kompaniyasi hududida topshirilgan. Marosimda O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Balx viloyati gubernatori o‘rinbosari Nurulhodi Abuidris hamda ikki davlat rasmiylari ishtirok etdi.
Insonparvarlik yordami tarkibidan un, guruch, shakar, makaron va qandolat mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, no‘xat hamda tez tayyorlanadigan taomlar o‘rin olgan.
Afg‘oniston rasmiylari O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga ko‘rsatilayotgan insonparvarlik yordami uchun minnatdorlik bildirib, Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy tabriklarini yo‘llagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Eronga gumanitar yordamning ikkinchi partiyasini yuborgandi. Farmatsevtika mahsulotlari va tibbiy vositalar ortilgan 15 ta yuk mashinasi “Dargaz” chegara punkti orqali Eron hududiga o‘tkazilgan edi.
Live
Barchasi