O‘zbekiston Qozog‘istondagi talabalarning bir guruhini evakuatsiya qildi. Ota-onalar minnatdor

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, Narikbayev nomidagi Qozog‘iston davlat yuridik universitetida tahsil olayotgan 35 nafar o‘zbekistonlik talabalar “Uzbekistan Airways”  OAJ  samolyoti orqali O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Qozog‘istondagi O‘zbekiston elchixonasiga tayanib “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi

“O‘tayotgan hafta davomida o‘zbekistonliklar qo‘shni Qozog‘istondagi voqealarni katta hayajon bilan kuzatmoqda. Va ko‘pchilik ushbu mamlakatda bo‘lib turgan o‘z yaqinlari hayoti uchun qayg‘urgani haqiqat. Bular orasida Narikbayev nomidagi Qozog‘iston davlat yuridik universitetida tahsil olayotgan talabalarning ota-onalari ham bor.

Ushbu talabalarning ota-onalari farzandlarining taqdiri haqida qayg‘urib, o‘zlarini qo‘yishga joy topa olmadi. Ammo davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy siyosati va respublika fuqarolariga bo‘lgan yuksak e’tibori tufayli bir necha soatdan keyin bizning farzandlarimiz Toshkentga yetib keladi.

Barcha talabalarning ota-onalari nomidan farzandlarimizni Vatanga qaytarish bo‘yicha amalga oshirilgan ushbu sa’y-harakatlar uchun O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasiga minnatdorlik bildiramiz. Ayni paytda ushbu universitetning barcha talabalari samolyotda uchib kelmoqda.

Jonajon yurtimiz  va qo‘shni davlatlarda  tinchlik bardavom bo‘lsin”, deb yozgan Qozog‘iston davlat yuridik universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ota-onalari qo‘mitasi raisi To‘ra To‘rayev o‘zining Telegram kanalida.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatiya vakolatxonalari odatdagi tartibda faoliyat yuritmoqda. Zarur hollarda O‘zbekiston fuqarolariga huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Zarurat tug‘ilganda o‘zbekistonliklar istalgan vaqti O‘zbekistonning Nur-Sulton (telefon: +7 771 020 36 73), Olma-ota (telefon: +7 777 950 44 33) va Aqtau (telefon: +7 777 599 00 51) shaharlaridagi diplomatiya vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'istondagi vaziyat

Baholaganlar

519

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing