O‘zbekiston Qirg‘izistonga ikkita qishloq berdi
Jamiyat
−
18:09 10262 2 daqiqa
O‘zbekistonga qarashli Cho‘ng‘ara va Tosh-Tepa qishloq aholi punktlari davlat chegarasini demarkatsiya qilish doirasida Qirg‘iziston tarkibiga o‘tkazildi. Bu haqda bugun, 23 iyun kuni Qirg‘iziston Prezidenti matbuot kotibi Asqat Alagozov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati tarkibida bo‘lgan ushbu qishloqlarda yashovchi taxminan 2 500 nafar aholi etnik qirg‘izlar hisoblanadi va endi Qirg‘iziston fuqaroligini oladi.
Qayd etilishicha, Qirg‘iziston tomoni O‘zbekistonga chegara hududida joylashgan maydoni jihatidan teng yer uchastkalarini bergan. Shuningdek, Soy qishlog‘idan Tayan qishlog‘igacha avtomobil yo‘li qurish uchun umumiy maydoni 236 gektar bo‘lgan teng qiymatli yer uchastkalari almashilgan.
Ma’lum qilinishicha, mazkur yo‘l orqali Qirg‘izistonning Botken viloyati aholisi Aydarkendan Botkenga hozirgi 225 kilometrlik aylanma yo‘l o‘rniga 55 kilometr masofa bosib tezroq yetib borishi mumkin bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, ikki davlat Tashqi ishlar vazirlari Qirg‘iziston – O‘zbekiston davlat chegarasining ayrim uchastkalari bo‘yicha shartnomani 2022 yil noyabr oyida imzolagan. 2023 yil yanvar oyida esa Shavkat Mirziyoyevning Bishkekka davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat Prezidentlari ratifikatsiya yorliqlari bilan almashgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvlroq Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati raisining birinchi o‘rinbosari – Bosh shtab boshlig‘i Mirzamir Sidiqov Jogorku Keneshning xalqaro ishlar qo‘mitasi yig‘ilishida joriy yilning avgust oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi bo‘lib o‘tishi hamda tashrif doirasida “Seydikum” chegara nazorat-o‘tkazish punktini ochish masalasi muhokama qilinishni ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi