O‘zbekiston Qirg‘izistondan 30-40 yil oldinda – Japarov

Olam

image

O‘zbekiston Qirg‘izistonni 30-40 yilga ortda qoldirdi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasining alohida uchastkalari va “Kampirobod” suv omborini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi kelishuv ko‘rib chiqilayotgan parlament yig‘ilishida aytib o‘tdi. 

Bitim muhokamasi chog‘ida bir qancha deputatlarning noroziligiga “Kampirobod” suv ombori hududidagi yerlarning O‘zbekistonga berilishi haqidagi band sabab bo‘ldi. O‘z navbatida Qirg‘iziston Prezidenti deputatlarni populizmga berilmaslikka chaqirdi. 

“Baqiruvchilar suv ombori ostidan emas, boshqa yerlarni berishimiz kerak, deyishadi, lekin o‘zbek do‘stlarimizning aqli yaxshi ishlaydi, ular bizdan 30-40 yilga o‘zib ketishdi. Hozircha qo‘limizdan kelganicha qichqirishni eplayapmiz. Men vertolyot va samolyotlar haqida gapirmayapman, lekin 30 yil ichida gugurt zavodi ham qurmaganmiz. [O‘zbeklarga] Boshqa yerlarni almashishni taklif qilsak, ular darhol rozi bo‘lishadi, chunki ular suv ombori qurib ketmasligini, shu vaqt davomida boshqa unumdor yerlardan foydalanishlarini, hosil olishlarini yaxshi bilishadi”, deydi Japarov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etib, ilk bor "Kampirobod" suv ombori qanday qilib O‘zbekistonga o‘tayotganiga aniqlik kiritgan edi.

Ma’lumot uchun, “Kampirobod” suv ombori – Tyan-Shan tog‘ tizmalarining 5 irmog‘idan paydo bo‘luvchi Qoradaryo o‘zaniga qo‘yilgan gidrotexnika inshooti. 1962 yili loyihalashtirilib, 1968-1982 yillarda qurib bitkazilgan bu suv omborining umumiy maydoni – 55 kv km, suv sig‘imi – 1 mld 950 m3 bo‘lib uzoq yillar davomida O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasida talash bo‘lib kelayotgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Sadir Japarov

Baholaganlar

328

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing