“20 soat ishdaman”. Japarov kuniga necha soat uxlashini aytdi
Olam
−
11:41 810 2 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov sutkasiga atigi 4 soat uxlashini, qolgan 20 soatini esa ishga bag‘ishlashini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 23 oktyabr kuni Jalolobod viloyatining Bozor-Qo‘rg‘on tumani aholisi bilan uchrashuv chog‘ida fuqarolardan birining shikoyatiga javob berar ekan gapirdi.
Uchrashuv ishtirokchilaridan biri Qirg‘iziston rahbarining shaxsiy qabuliga kirishga bir necha bor uringanini aytgan. Erkakning so‘zlariga ko‘ra, u bir necha marta murojaatlar bilan kelgan, ammo Prezident bilan uchrasha olmagan.
Bunga javoban Sadir Japarov barchani shaxsan qabul qilishga jismonan imkoniyati yo‘qligini aytgan.
“Mening qabulimga kira olmadim, deb aytmang. Sizlar 7,5 millionsizlar, men esa bitta prezidentman. Agar har bir odam oldimga kelaversa, men hammani ham qabul qila olmayman-ku. Mening o‘z ish grafigim bor. Shunda ham 24 soatdan atigi 4 soatida uxlayman, qolgan 20 soatida ishda bo‘laman”, deydi u.
Mamlakat rahbari hatto shunday grafikda ham barcha masalalarni hal qilishga vaqti yetmayotganini qo‘shimcha qilgan.
Shu bilan birga, u mas’ul rahbarlarga huquqni muhofaza qilish organlarining ayrim xodimlari tomonidan ehtimoliy noqonuniy harakatlar sodir etilganini aytgan fuqaroning murojaatini o‘rganib chiqishni topshirgan.
Xususan, Sadir Japarov fuqarolardan haqiqatan ham noqonuniy ravishda pul talab qilingani yoki qilinmaganini, bu pulni aynan kim va qancha miqdorda berganini aniqlashni talab qilgan.
Prezidentning Bozor-Qo‘rg‘on tumani aholisi bilan uchrashuvi ochiq muloqot formatida bo‘lib o‘tgan. Fuqarolar yer nizolari, yo‘llar qurilishi, ijtimoiy infratuzilma va davlat organlarining faoliyati bo‘yicha masalalarni ko‘targan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sadir Japarov rejadan tashqari Bishkek shahridagi yangi “Madina” bozoriga tashrif buyurib, savdo qilish sharoitlari va savdo o‘rinlarini yo‘qotish mumkinligidan xavotir bildirgan savdogarlar bilan uchrashgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi