“Ish bor”. Japarov migrantlarni Qirg‘izistonga qaytishga chaqirdi
Olam
−
13:27 524 2 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mehnat migrantlariga mamlakatda ish o‘rinlari mavjudligini aytib, ularni vataniga qaytishga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 12 oktyabr kuni Botken viloyati aholisi bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi.
Qirg‘iziston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda xorijda ishlayotgan qirg‘izistonliklar soni kamaygan, ammo mehnat migratsiyasi to‘liq to‘xtagani yo‘q.
“Biz migrantlarni muntazam ravishda qaytishga chaqiryapmiz: kelinglar, ish o‘rinlari bor. Ular qaytib kelsa, nima qilishlarini, hatto uylari ham yo‘qligini aytishadi. Shuning uchun ham biz Davlat ipoteka kompaniyasi xonadonlarini qurmoqdamiz”, deydi Japarov.
U farzandlari xorijda mehnat qilayotgan aholini ularni qaytishga ko‘ndirishga chaqirgan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, vatanda ish yo‘qligi chet elga ketishga sabab bo‘lmasligi kerak, chunki bo‘sh ish o‘rinlari mavjud.
Qadamjoy tumani va Qizil-Qiya shahri aholisi oldida so‘zga chiqqan Japarov, shuningdek, Botken viloyatini mamlakatning strategik muhim hududi deb atagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyatda yo‘llar, maktablar va bolalar bog‘chalari qurilmoqda, shifoxonalar ta’mirlanmoqda, aholi punktlari ichimlik suvi bilan ta’minlanib, sport ob’ektlari barpo etilmoqda. Rasmiylar, shuningdek, ishlab chiqarishni kengaytirish va qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash sanoati, savdo va turizmni rivojlantirish niyatida.
Qayd etish joiz, respublika rasmiylari ilgari ham ish o‘rinlari va ish haqi oshganini aytib, fuqarolarni xorijdan qaytishga chaqirgan. Xususan, joriy yilning iyul oyida Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev mamlakatga temir yo‘l va gidroelektr stansiyalari qurilishi uchun malakali mutaxassislar zarurligini ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ekskavatorchilar va traktorchilar oyiga 80–90 ming som (taxminan 1 ming dollar) ishlab topishlari mumkin. U, shuningdek, vatanda ishlash xavfsizroq mehnat sharoitlariga va ipoteka rasmiylashtirishga imkon berishini ta’kidlagan.
Qirg‘iziston Mehnat, ijtimoiy ta’minot va migratsiya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil boshidan beri mamlakat tashqarisida 736,6 ming Respublika fuqarosi mehnat qilgan. 2025 yilda ularning soni 798,4 ming kishini tashkil etgan.
Mehnat migratsiyasining asosiy yo‘nalishi bo‘lib Rossiya qolmoqda: mart oyida u yerda 472 mingdan ortiq qirg‘izistonlik bo‘lgan. Yana 70 mingga yaqini Qozog‘istonda, 60 mingga yaqini AQSHda, 35 mingi Turkiyada va 20 mingi Germaniyada mehnat qilgan. 2025 yilda mehnat migrantlari Qirg‘izistonga 3,1 milliard dollar o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sadir Japarov etnik qirg‘izlarga fuqarolik va pasportni bir kun ichida rasmiylashtirib berish bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi