O‘zbekiston qanday xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilishni rejalashtirgan?
Jamiyat
−
06 fevral 2020
6166“Kelgusida Xalqaro mehnat tashkilotining 7 ta konvensiyasini ratifikatsiya qilishni rejalatirganmiz. 3 tasi bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan. Har bir konvensiyani o‘rganish, ratifikatsiya qilish vaqt va mehnat talab qiladi. Ratifikatsiya qilish natijasida O‘zbekistonda mavjud bu boradagi bir nechta qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish talab qilinadi. Bu vazirlik va bir qancha tashkilotlar mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi lozim bo‘lgan mukammal jarayon hisoblanadi va bu bosqichma-bosqich amalga oshiriladi”, deydi vazir Nozim Husanov.
Kecha, 5 fevral kuni “Islohotlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida munosib mehnatni ta’minlash” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tgani haqida xabar qilgandik. Unda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov QALAMPIR.UZ saytiga Xalqaro mehnat tashkilotining kelgusida ratifikatsiya qilinishi rejalashtirilgan konvensiyalari xususida ma’lumotlarini ulashdi. Shuningdek, o‘tkazilgan davra suhbatida mehnatga oid munosabatlarda O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilgan ishlar xalqaro hamjamiyat a’zolari tomonidan e’tirof etilganini ta’kidladi.
“Vazirlik XMTning O‘zbekistondagi vakillari bilan hamkorlikda ko‘p yillardan beri mehnat sohasini yaxshilash borasida faoliyat olib bormoqda. Hozirgi kungacha XMTning 17 ta konvensiyasi va 2 ta protokoli O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan. Eng asosiy konvetsiyalari biz tomonimizdan ratifikatsiya qilingan. Bugungi tadbirda buni o‘zlari ham ta’kidlashmoqda”, deya e’tirof etdi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri.
Eslatib o‘tamiz, tadbirda BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Helena Frezer, Xalqaro mehnat tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Hayns Koller, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Eduard Striprays, AQSH O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum, Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Gyunter Overfeld, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Olive Shav, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori va boshqa nufuzli mehmonlar qatnashganini xabar qilgandik.
LiveBarchasi