KXDR Rossiya bilan harbiy hamkorlik shartnomasini ratifikatsiya qildi
Olam
−
12 noyabr
3126Shimoliy Koreya Rossiya bilan keng qamrovli strategik sheriklik shartnomasini ratifikatsiya qildi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.
Ratifikatsiya qilish borasidagi tegishli hujjatni KXDR yetakchisi Kim Chen In kecha, 11 noyabr kuni imzolagan.
Joriy yilning 19 iyun kuni KXDR poytaxtiga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning tashrifi doirasida Moskva va Pxenyan o‘rtasida keng qamrovli strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tuzilgan. Shartnoma jami 23 moddadan iborat. Ular orasida kosmik va yadroviy sohalar, savdo, iqtisodiyot va investitsiyalar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish ham nazarda tutilgan.
Shartnoma cheksiz muddatga amal qiladi. Hujjat de-fakto harbiy ittifoqni anglatadi. Xususan, ushbu kelishuvning 4-moddasida agar tomonlardan biri bir yoki bir nechta davlatning qurolli hujumi tufayli urush holatiga tushib qolsa, ikkinchisi zudlik bilan unga mavjud barcha vositalari bilan harbiy yordam ko‘rsatishi belgilangan. Rossiyaning shunga o‘xshash shartnomasi ilgari faqat Mo‘g‘uliston bilan mavjud bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat Dumasi mamlakat Prezidenti Vladimir Putin va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In o‘rtasida joriy yilning iyun oyida Pxenyanda imzolangan ikki davlat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik hamkorlik shartnomasini bir ovozdan ratifikatsiya qilgandi.
LiveBarchasi