“Bularning ko‘z yoshiga kim javob beradi?”: Vazirda senatorning savoliga jo‘yali javob topilmadi

Jamiyat

Kecha, 30 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida xususiy bandlik agentliklariga aldanib, millionlab pullaridan ajrab qolgan qolgan fuqarolar masalasi ko‘tarildi. Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jayev Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidan xususiy agentliklarga litsenziya berishda mexanizm nega mukammal ishlab chiqilmaganini so‘radi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi bilan tadbirkorlik sub’ektlariga aholini ish bilan ta’minlash xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati yaratilganini ta’kidladi. Bungacha bu xizmat davlat idoralari tomonidan amalga oshirilgan.

“Bugungi kunda 93 ta xususiy bandlik agentliklari ro‘yxatdan o‘tgan holda faoliyat yurityapti. Ularning 58 tasi xorijda fuqarolarni ishga joylashtirish huquqiga ega. Shulardan 4 ta agentlik faoliyatida qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan va hozirda tekshiruv ishlari olib borilyapti. Bular bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va boshqa vazirliklar bilan birgalikda mavjud qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi. Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi qonun hujjatlarini buzish moddasi kiritilyapti. Shuningdek, agentlik fuqaro bilan tuzilgan shartnoma shartlarini bajarmaslik holatlari uchun moliyaviy hamda birinchi va ikkinchi bosqich jarima qo‘llash mexanizmlari joriy qilinyapti”, deb javob qaytardi Nozim Husanov.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tasdig‘idan o‘tgan. Bugungi kunda loyihani Senatga kiritish uchun tayyorgarlik ko‘rilyapti.

Savol bergan senator Farrux Dadaxo‘jayev javob umuman qoniqtirmaganini aytib, vazirning javobini olib qochish deb baholadi. Senator qonun loyihasi tayyorlanganda fuqarolarni muhofaza qilish mexanizmi ishlab chiqilmaganiga urg‘u berdi.

Vaziyatga Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov aralashib, senatorning savoli yuzasidan tushuntirish berdi. U bu masala ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgani, jabrlanuvchilar tomonidan Vazirlar Mahkamasiga, boshqa idoralarga, jumladan, Senat a’zolariga murojaatlar tushayotganini ma’lum qildi.

“Haqiqatdan ham qonun qabul qilingandan keyin, tegishli vazirlik tomonidan fuqarolar manfaatini himoyalash tizimi ishlab chiqlmagan. Mana hozir bir qancha mexanizmlar ishlab chiqdik deb aytishdi. Ochiq aytganda, bu avvaldan ko‘plab muammolar yig‘ilgan juda og‘ir soha. Yoshlarimizning Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali chet elga ketishida ham ko‘plab korrupsiya holatlari uchragan. Bir necha rahbarlari hozir jinoiy javobgarlikka tortilganidan barchamizning xabarimiz bor. Sohaga xususiy sektorni jalb qilib, u orqali samarali tizim yaratish maqsadida qabul qilgan qonunimiz ham guvoh bo‘lyapmizki, o‘z samarasini bermayapti. Negaki, uning ijrosi yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmagan.

Endilikda birinchi bo‘lib, jabrlangan fuqarolarning himoyasini o‘ylashimiz kerak. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining o‘z jamg‘armalari bor. Shu jamg‘arma mablag‘lari hisobidan fuqarolarning manfaatini tiklab, keyin vazirlik qonun buzgan shaxslar bilan sudlashib, mablag‘larni undirishi masalasini ko‘rib chiqish kerak.

Aslida, bu sohaning xususiy sektorga berilishi qanchalik to‘g‘riligini qayta ko‘rib chiqish kerak. Ularga ruxsat berildimi, demak sohada mutaxassislar ishlashi kerak”, dedi Aziz Abduhakimov.

Bosh vazir o‘rinbosari hozir tergov harakati davom etayotganini va bunga aralashib bo‘lmasligini ta’kidladi. Shu bilan birga, huquq tartibot organlari vazirlik va agentliklarning mutasaddilariga, jumladan, firmalarning hozirda chetga chiqib olgan ulushdorlari hamda ta’sischilarini jinoiy javobgarlikka tortishini ma’lum qildi. Abduhakimov so‘zi yakunida masala baribir ochiq qolaginini qayd etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Aziz Abduhakimov Farrux Dadaxo'jaev Nozim Husanov xususiy bandlik agentliklari

Baholaganlar

469

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing