O‘zbekiston Isroil va Eronni vazminlikka chaqirdi
Jamiyat
−
13 iyun
3015Bugun, 13 iyunga o‘tar kechasi Isroil harbiy-havo kuchlari Eron hududiga zarba bergani ortidan O‘zbekiston mojaro tomonlarini vazminlikka chaqirdi. Bu haqdagi tegishli bayonot O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilindi.
“O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi insonlarning halokatiga va Yaqin Sharqda vaziyatning keskinlashuviga olib kelgan Isroilning Eron Islom Respublikasiga qarshi harbiy amaliyoti yuzasidan chuqur xavotir bildiradi”, deyiladi bayonotda.
Rasmiy Toshkent barcha tomonlarni to‘liq vazminlikka, harbiy harakatlarni darhol to‘xtatishga va nizoni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishga chaqirdi.
“Keng ko‘lamli to‘qnashuvga olib kelishi mumkin bo‘lgan jiddiy vaziyatning yanada keskinlashuvi xavotir uyg‘otmoqda”, deyiladi TIV bayonotida.
Shuningdek, O‘zbekiston mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan va mojaroning keskinlik darajasini kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarga ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Eronning “yadroviy dasturiga qarshi” profilaktik zarba berganini e’lon qilgan edi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning aytishicha, operatsiyaning maqsadi “Eron yadroviy infratuzilmasiga, ballistik raketa ishlab chiqaruvchi zavodlariga va harbiy salohiyatiga zarar yetkazish” bo‘lgan.
Hujum oqibatida Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni general-mayor Husayn Salamiy halok bo‘ldi. IRNA va “Tasnim” axborot agentliklari xabariga ko‘ra, shuningdek, Eron Atom energiyasi tashkilotining sobiq rahbari Fereydun Abbosiy va Islomiy Ozod universiteti prezidenti Muhammad Mehdi Tehronchiy ham vafot etgan.
Eronning davlat IRIB telekanali ham Natanzdagi yadroviy dastur uchun muhim bo‘lgan ob’ektlarda bir nechta portlashlar sodir bo‘lganini xabar qildi.
Eron hukumati esa Isroil tomonidan o‘z hududiga uyushtirilgan, tinch aholi, jumladan, olimlar va harbiylar halok bo‘lgan zarbalariga qattiq javob berishini ma’lum qildi.
O‘zbekistonning Eron va Isroildagi elchixonalari ushbu mamlakatlardagi fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqib, qat’iy ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi. Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham fuqarolarga tegishli murojaat bilan chiqdi.
LiveBarchasi