O‘zbekiston farmatsevtikasida biz bilmagan o‘yinlar bor
Salomatlik
−
07 fevral 2023
25285Tanasi boshqa dard bilmas deyishadi. Bugun o‘sha tanasi boshqalar “Dok-1 Maks” voqeasini, 20 nafar bolaning o‘limini allaqachon unutib yubordi. QALAMPIR.UZ esa muntazam ravishda mazkur mavzu yuzasidan reportajlar, surishtiruvlar va intervyularni e’lon qilib kelmoqda.
Bu safar esa tahririyat muxbiri “Dok-1 Maks” voqeasi ortidan O‘zbekistonga kirib kelayotgan dori-darmonlarning sifatini nazorat qilish, laboratoriya va ro‘yxatdan o‘tkazish, sertifikat berishga javobgar bo‘lgan Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazida bo‘ldi hamda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tomonidan o‘tkazilgan majlisni kuzatdi.
Vazir Inoyatov ham “Dok-1 Maks” voqeasida asosiy javobgar organ Dori vositatalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish markazi ekanini ta’kidladi.
U markazning xato-kamchiliklarini sanab o‘tar ekan, uning shtat birligi nihoyatda katta ekani, hatto bu borada butun boshli Sog‘liqni saqlash vazirligini ham ortda qoldirishini aytdi.
“Markaz tashkiliy tuzilmasining umumiy shtat birligi 484 nafar bo‘lib, shundan rahbar va boshqaruv xodimlari 90 nafarni, ya’ni 20 %ni tashkil qiladi. Sog‘liqni saqlash vazirligida esa 134 nafar rahbar xodimlar ishlaydi”, deydi vazir.
Amrullo Inoyatovning aytishicha, standartlashtirish markazi mutasaddilari muntazam ravishda Hindiston dorilariga qalbakilashtirilgan sertifikatlar berib kelgan, “Dok-1 Maks” bo‘yicha hujjatlarni esa yo‘q qilib yuborgan.
“Hindistonning “Valast pharmaceutical” kompaniyasining “Ampisid”, “Valast”, “Foroza” dori vositalari ekspertlar kengashiga olib chiqilib, kengash a’zolarining e’tirozlari sababli Ekspertlar kengashiga raislik qiluvchi va kotib tomonidan imzolanmagan bo‘lsada, Markazning mas’ul shaxslari ushbu dori vositalariga qonunga xilof ravishda soxta guvohnoma rasmiytashtirib bergan”, deydi Amrillo Inoyatov.
Majlisda Inoyatov ushbu markazning xodimlari tomonidan yillar davomida yo‘l qo‘yib kelingan xato va kamchiliklarga to‘xtalib o‘tdi.
Ular orasida dorilarga beriladigan sertifikatlarni soxtalashtiradigan,pora evaziga ishga kiritib qo‘yadigan, tajriba uchun olib kelinadigan kemiruvchilarni ham hujjatda ko‘p ko‘rsatib, aslida kam olib keladigan xodimlar bor. Biroq mazkur xodimlarning aybi hali to‘liq tasdiqlanmagan. Garchi vazir buni aytayotgan bo‘lsa ham ularga qo‘yilayotgan ayblarni butunlay to‘g‘ri deb bo‘lmaydi.
20 go‘dakning o‘limi uchun javobgarlar ko‘p. Bugun vazir tomonidan sanalganlar esa ularning bir qismi, xolos.
Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tomonidan o‘tkazilgan majlisning to‘liq shaklini QALAMPIR.UZ’ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi