So‘x va Unkar-Too: O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara masalasini qanday hal qilyapti
Olam
−
13 mart 2021
21820Qirg‘iziston O‘zbekistonning anklav hududi — So‘x yo‘lini ochishga, O‘zbekiston esa Unkar-Tooni berishga tayyor. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti matbuot kotibi Galina Beyterek tomonidan Sadir Japarovning Toshkent shahriga tashrifi yakunlari haqida e’lon qilingan bayonotda ma’lum qilindi, deb xabar berdi “AKIpress” nashri.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha har ikki tomon ham ushbu ishlarni keyingi uch oy ichida yakunlash kerakligi to‘g‘risida kelishib olishdi. Ta’kidlanishicha, davlat chegarasini qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazish chegara hududlarda barqarorlikni mustahkamlashga, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga imkon beradi.
Galina Bayterekning ma’lum qilishicha, yaqin orada davlat chegarasidagi 7 ta nazorat punktlari faoliyati tiklanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston yuk tashish masalasini hal qilishga va agar kerak bo‘lsa, punktlarni hujjatlarni skanerlash uchun tegishli uskunalar bilan ta’minlashga va’da bergan.
“Qirg‘iziston tomoni Qirg‘iziston hududida joylashgan O‘zbekistonning So‘x anklaviga transport va havo aloqasini ochishga tayyor. Anklav aholisi davlat chegarasi orqali bemalol o‘tishlari mumkin. O‘z navbatida, O‘zbekiston Qirg‘izistonga shu vaqtgacha chegara hududi aholisi o‘rtasida nizo va siyosiy ziddiyat bo‘lib kelgan Unkar-Too hududini berishga tayyor”, degan Prezident matbuot kotibi Galina Beyterek.
Davlat chegaralarini delimitatsiya qilish bilan bog‘liq qolgan bahsli masalalarni maxsus komissiya hal qiladi, deyiladi xabarda.
Avvalroq, O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish ishlari jarayonida o‘zaro hudud almashishga tayyorligi haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi