O‘zbekiston elchixonasi Ukrainadan ketayotgan fuqarolarni ogohlantirdi

Olam

image

Ukrainadagi O‘zbekiston fuqarolarining Polshaga o‘tkazilishi uzoq vaqt olishi mumkin. Shu sababdan O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi fuqarolarga murojaat bilan chiqdi.

Elchixonaga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston fuqarolari Ukraina–Polsha chegarasini kesib o‘tishni boshlagan. Ukraina va Polsha chegarachilari, birinchi navbatda, ayollar va bolalarni o‘tkazyapti.

Qayd etilishicha, chegarani kesib o‘tish juda uzoq vaqt talab etmoqda. Birinchi guruh uchun bu jarayon 14 soat davom etgan.

“Lvovga ko‘p sonli qo‘shimcha evakuatsiya poyezdlari yetib kelganini hisobga olib, chegarani kesib o‘tish vaqti cho‘zilishi mumkin. Chegarada odamlarning ko‘pligi tufayli avval e’lon qilingan “yashil yo‘lak” ishlamayapti, chegarani o‘tish fuqaroligidan qat’i nazar, navbat asosida amalga oshirilmoqda”, deyiladi elchixona xabarida.

Shuningdek, chegarani kesib o‘tish piyoda amalga oshirilmoqda, shu munosabat bilan fuqarolardan chegarada sovuq havo o‘rnatilganini hisobga olishlari so‘ralgan.

“Hujjatlari bo‘lmagan (u yoki bu sabablarga ko‘ra) fuqarolarimiz uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjatning hech bo‘lmaganda qog‘oz ko‘rinishidagi nusxasi yoki mobil telefonida skaner qilingan nusxasi bo‘lishini so‘raymiz”, deya fuqarolarga tushuntirish bergan diplomatik korpus.

Shu bilan birga chegara oldidagi tirbandlikni inobatga olib, elchixona ayollar va bolalarni imkoni boricha chegaraga yaqinroq joyga yetkazishni ta’milashi ta’kidlangan.

Diplomatik vakolatxona mustaqil ravishda chegaraga yetib borish imkoniyatiga ega bo‘lgan fuqarolarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chegaraga borishni tavsiya etgan.

“Lvovga yetib kelgan hurmatli vatandoshlar, Sizdan xotirjam bo‘lishingizni so‘raymiz. Afsuski, diasporamiz vakili M.Soliyev bir vaqtning o‘zida yuzlab odamlarning muammolarini jismonan hal qila olmaydi. Shu munosabat bilan, imkon qadar bir-biringizga yordam berishingizni, yurtdoshlarimizga kelishni muvofiqlashtirishda yordam beradigan ko‘ngillilar guruhlarini shakllantirishingizni iltimos qilib murojaat qilmoqda.

Xalqimizning milliy an’analariga asoslanib, yurtdoshlarimizdan, eng avvalo, ayollar, bolalar, talaba-yoshlar va keksalarga yordam berishlarini so‘raymiz”, deyiladi rasmiy axborotda.

Qayd etilishicha, Polsha tomonida O‘zbekiston Respublikasining Polshadagi elchixonasi vakili joylashgan bo‘lib, fuqarolarni Vatanga jo‘natish ishlarini muvofiqlashtiradi. Vakil hujjatlar rasmiylashtirish bilan aeroportda shug‘ullanadi.

“Moldova hududiga sayohat qilish bilan bog‘liq so‘rovlar kelib tushmoqda. Ularni inobatga olgan holda shuni ma’lum qilamizki, xavfsizlik tamoyilidan kelib chiqib, agar fuqarolarimizga Moldovaga borish osonroq bo‘lsa, ushbu variantni ko‘rib chiqishlari lozim.

Shu bilan birga, Moldovada bizning elchixonamiz mavjud emasligi va mamlakatning aviatsiya maydoni havo qatnovi uchun yopiq ekanligini ma’lum qilamiz.

Hozirda ushbu mamlakatda bo‘lgan fuqarolarga yordam berish uchun shtab tashkil etilmoqda. Shtabning aloqa uchun ma’lumotlari qo‘shimcha ravishda joylashtiriladi”, degan elchixona o‘z bayonotida.

Avvalroq O‘zbekiston fuqarolaridan iborat ilk guruh Ukrainaning Lvov shahridan Polsha chegarasi tomon olib ketilgani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

718

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing