Barcha yo‘llar Anqaraga eltmoqda: Tramp va Yevropa Erdo‘g‘andan nima xohlaydi?

Tahlil

Reklama
0:00

Dunyo e’tibori qisqa fursatga bo‘lsa-da, futbol bo‘yicha Jahon chemponati bo‘layotgan Amerika stadionlaridan, Turkiyaning Anqara shahriga ko‘chdi. Joriy yilning 7-8 iyul kunlari navbatdagi NATO sammiti o‘tkazildi.

G‘arb tomonidan doimo “asrandi o‘g‘il” sifatida qaralgan Turkiya, bugun nafaqat Yevropaga, balki AQSHdek qudratli davlat uchun ham suv va havodek zarur bo‘lib turibdi. Rossiya-Ukraina urushi deysizmi, Yaqin Sharq va Hormuzdagi keskinlik deysizmi yoki Suriya hamda Falastindagi muammoli vaziyatmi, barchasining yechimining tubida Turkiya turibdi. Balki aynan shu sabab so‘nggi ikki yillik faoliyatini u qadar ham muvaffaqiyatli deb bo‘lmaydigan AQSH rahbari Donald Tramp ham barcha muammolarining yechimi sifatida Erdo‘g‘an hokimiyatini ko‘rayotgandir. Vashingtonning NATO uchun ajratayotgan mablag‘lari keskin kamayishi fonida Yevropa uchun ham alyansdagi ikkinchi eng qudratli harbiy qo‘shinga ega Turkiya eng yaqin birodar va hamkorga aylanib boryapti. Bir so‘z bilan aytganda, barcha yo‘llar Anqaraga eltmoqda.

Trampning tuhfasi

Joriy yilning 7 iyul kuni, AQSH Prezidenti Donald Tramp 36-NATO sammiti va ikki tomonlama muzokaralar doirasida Anqaraga rasmiy amaliy tashrif bilan keldi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Trampni shaxsan o‘zi aeroportda kutib oldi va Beshtepa prezidentlik majmuasida katta tantana uyushtirildi. 11 yillik tanaffusdan so‘ng, ilk bora Turkiyaga amaliy tashrif bilan kelgan AQSH rahbariga Anqara havosi yoqqan ko‘rinadi, an’anaviy qo‘rslik va mag‘rurlikni bir chetga surib, mehmonlarga xos bo‘lgan mulozamatni namoyon etdi. Dunyo mediasi esa Trampning sammit protokolidagi dabdabadan biroz shoshib qolgani, Erdo‘g‘anning esa uni qat’iyat bilan qo‘lidan tutib, qo‘ltiqlab, kameralar qarshisiga yetaklaganini keng muhokama qilyapti. Haqiqatan ham Tramp hech kimga bunday qildirib qo‘ymagan, doim o‘zini liderdek, jarayonni nazorat qiluvchidek ko‘rsatishga uringan. Bu kadrlar esa Turkiyaning NATO ichida AQSH yetakchisini “boshqara oladigan va unga ta’sir o‘tkaza oladigan” yagona kuch sifatida gavdalanganini ko‘rsatdi. Trampning mezbon davlat rahbarini “og‘zidan bol tomib” maqtashi, uni “do‘stim”, “kuchli yetakchi” deb e’tirof etishi u qadar ham odatiy hol emas. Ayniqsa, ochiqchasiga “agar muhtaram Prezident bo‘lmaganida bu sammitda ishtirok etmasdim”, degan so‘zlari jamoatchilikning e’tiborini tortdi.

“Muhtaram Prezident bo‘lmaganida bu sammitda ishtirok etmasdim. Katta rahmat aytaman. Hammaga ma’lum va matbuotda ham yozilganidek, biz juda yaxshi do‘stmiz. Muhtaram Prezident juda yaxshi ish qilmoqda. U bizni aeroportda kutib oldi. U ajoyib rahbar, butun dunyo hurmat qiladigan yetakchi. Ilk uchrashuvimizdanoq, o‘zaro munosabatimiz juda yaxshi shakllangan, munosabatlarimiz hamisha yaxshi bo‘lgan”, deydi Tramp.

Ammo yaqin tarixga bir nazar tashlasak, munosabatlar har doim ham aytilganidek u qadar yaxshi bo‘lmaganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Bir necha yil oldin aynan Trampning o‘zi Turkiya iqtisodiyotini butunlay yo‘q qilish bilan tahdid qilgani ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Munosabatlarning sovuqlashishiga eng asosiy sabablardan biri esa 2019 yilda Turkiyaning F-35 beshinchi avlod ko‘p maqsadli qiruvchi samolyotini ishlab chiqarish loyihasidan chetlatilishi bo‘lgan.

F-35 shunchaki AQSH mahsuloti emas – u xalqaro hamkorlikda yaratilgan dastur bo‘lib, unda Buyuk Britaniya yagona 1-darajali sherik sifatida, Italiya va Niderlandiya 2-darajali sheriklar, Turkiya esa Kanada, Avstraliya, Norvegiya va Daniya qatorida 3-darajali sherik sifatida ishtirok etgan. Turkiya bu dasturga 1999 yildan qo‘shilib, dasturni ishlab chiqishga mablag‘ kiritgan sherik davlatlardan biri edi.

Bu loyihada Turkiya faqatgina investor emas, balki ishlab chiqaruvchilardan biri sifatida ham ishtirok etgan. “Turkish Aerospace Industries” (TAI) kompaniyasi Amerikaning eng yirik aerokosmik va mudofaa texnologiyalari korporatsiyalaridan biri – “Northrop Grumman” bilan hamkorlikda F-35’ning markaziy va ichki korpusini ishlab chiqargan. Shuningdek, Amerika hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiya F-35 uchun 900 dan ortiq boshqa detallarni ham ishlab chiqarar edi.

Ammo 2019 yil iyul oyida hammasi izdan chiqdi. Sabab – Turkiyaning Rossiyadan S-400 zenit-raketa mudofaa tizimini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolagani bo‘ldi. AQSH mudofaa vazirligi rasmiylari bu qadamni NATO xavfsizligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid hamda F-35 samolyotining texnik sirlarini Moskavaga sotish deb baholadi. Natijada Vashington Turkiyani dasturdan chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Turkiya bu qarordan keyin loyiha davomida kutilgan 9 milliard dollardan ortiq ishtirok ulushini yo‘qotdi. Bundan tashqari, 2025-yilgi Kongress tadqiqot xizmatining (CRS) hisobotiga ko‘ra, Turkiyaga tegishli 6 ta F-35 samolyoti hozir ham AQSHda saqlanmoqda va bu samolyotlar uchun to‘langan 1,7 milliard dollar ham Turkiyaga qaytarilmagan.

Xo‘sh, nega G‘arb bilan aloqalari yaxshi bo‘lib turgan Turkiya, ularning raqibi Rossiyadan harbiy texnologiyalarni sotib olishga qaror qildi? Bu siyosiy yurish ortida bir emas bir nechta sabablar jamlangan edi. Avvalo, havo mudofaa tizimiga ehtiyoj Turkiyani mavjud takliflardan birini qabul qilishga undadi. Rossiyaning S-400 tizimi esa, AQSHning Patriot tizimidan karrasiga arzon, Xitoy va Fransiya taklif qilayotgan muqobillardan esa kuchliroq edi.

Bundan tashqari, shuni unutmaslik kerakki, S-400 voqeasidan oldin ham Turkiya va AQSH  o‘rtasidagi munosabatlarda ancha chuqurroq darz ketish bor edi. 2016 yilning 15 iyul kechasida Turkiyada FETO (Fathullohchi terroristik tashkilot) deb atalgan harakat tomonidan uyushtirilgan deb hisoblanuvchi harbiy to‘ntarishga urinishidan so‘ng, Anqara bilan G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar keskin sovib ketdi.

Turkiya hukumati to‘ntarish urinishi ortida AQSHda yashovchi diniy arbob Fathulloh Gulen turadi deb hisoblab, Vashingtondan uni ushlab berishni talab qilgan, biroq AQSH bu talabni bajarmagan. Bu voqeadan keyingi ommaviy tozalash kampaniyalari, minglab harbiylar, sudyalar va amaldorlarning lavozimidan chetlatilishi Turkiyaning G‘arb institutlari bilan hamkorligiga soya solgan, mamlakatni xalqaro miqyosda izolyatsiyaga yaqin vaziyatga solib qo‘ygan edi. Aynan shu og‘ir davrda Anqara o‘z mudofaa ehtiyojlarini qondirish uchun Moskvaga murojaat qildi. natijada S-400 bitimi imzolandi, bu esa AQSHdan ochiqchasiga yuz o‘girish sifatida talqin etildi. Oqibatda bu allaqachon zaiflashib ulgurgan Turkiya-AQSH munosabatlariga navbatdagi zarba bo‘lib tushdi.

Yana shuni inobatga olish kerakki, shu davrdan boshlab, Erdo‘g‘an Turkiyani tashqi siyosatda faqatgina G‘arbga bog‘langan davlat emas, ayricha mustaqil va ko‘p vektorli siyosat olib boradigan mamlakatga aylantira boshladi. Bu yo‘lda nafaqat Rossiya, balki Xitoy va Eron bilan ham iliq munosabatlar o‘rnata boshladi. Vashington esa bunga jim qarab turolmasdi. Oxir-oqibat Trampning birinchi prezidentlik muddati yakunida, 2020 yil 14 dekabr sanasida Amerikaning dushmanlariga sanksiyalar orqali qarshi turish akti (CAATSA) asosida Turkiyaga katta miqdorda sanksiyalar joriy etildi. Bu esa Turkiyaning iqtisodiga jiddiy bosim bera boshladi va mamlakatda inflyatsiya yuqorilab ketdi.

Ammo bugun vaziyat butkul boshqacha, endi Tramp va Yevropa Turkiyaning yordamiga ehtiyoj sezmoqda. Oldinlari uning Rossiya va Eron bilan bo‘lgan aloqalari zararga ishlagan bo‘lsa, bugun ushbu faktorlar Turkiyani boshqa davlatlardan bir pog‘ona yuqoriga olib chiqdi.

Turkiya endi F-35’ga muhtoj emasmi?

So‘nggi olti yilda Turkiya faqat F-35 eshigi ochilishini kutib o‘tirmadi. Aksincha, xuddi shu sanksiyalar va cheklovlar Anqarani o‘z mudofaa sanoatini tubdan qayta qurishga undadi.

Faqatgina raqamlarning o‘ziga qarasak ham bu yurish Turkiya uchun qanchalar muvaffaqiyatli bo‘lganini ko‘rish mumkin. 2002 yilda Turkiyaning mudofaa-aerokosmik sanoati atigi 56 ta kompaniya va 62 ta loyihadan iborat bo‘lib, xorijga qaramlik darajasi 80 foizga yaqin edi. Bugun esa bu tarmoq 3 500 dan ortiq kompaniya va 1 400 dan ortiq loyihagacha kengaygan. Turkiya bugun o‘ziga kerakli harbiy texnikaning deyarli barchasini mamlakat ichida ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Sektorning umumiy aylanmasi ham bir necha barobar o‘sdi: 2002 yilda 1,1 milliard dollar bo‘lgan sektor aylanmasi 2024 yil oxiriga kelib 20,2 milliard dollarga yetdi. Parallel ravishda, eksport ko‘rsatkichlari ham karrasiga o‘sib bormoqda. Mustaqil tadqiqot institutlarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-2025 yillar oralig‘ida mamlakat jami 30,7 milliard dollarlik mudofaa mahsulotini xorijga sotdi. Qiyoslash uchun aytish mumkinki, Turkiyaning bir yillik mudofaa eksportining hajmi Iroq, Pokiston, Daniya, Gretsiya, Finlandiya, Misr va Malayziya kabi davlatlarning yillik harbiy byudjetidan ham yuqori bo‘lib ketdi.

Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiyaning qurol-yarog‘ eksporti 2015-2019 yillar bilan solishtirganda, 2020-2024 yillar oralig‘ida 103 foizga oshgan, mamlakatning global qurol eksportidagi ulushi esa 0,8 foizdan 1,7 foizga ko‘tarilgan. Mudofaa sanoatidagi ushbu sakrash Turkiyani dunyodagi 25 ta yirik qurol-yarog‘ eksportyorlari orasida 11-o‘ringa olib chiqdi. Qiziqarli jihati shundaki, xuddi shu davrda Turkiyaning qurol importi ham 33 foizga qisqardi – bu mamlakatning tashqi bozorlarga qaramligi kamayganini ko‘rsatadi.

Turkiyaning eng mashhur “eksport mahsuloti” shubhasiz, uchuvchisiz uchuvchi apparatlar, ya’ni dronlar hisoblanadi. Baykar kompaniyasining Bayraktar TB2 va Akinci dronlari Liviya, Qorabog‘ va Ukraina mojarolarida sinovdan o‘tib, jahon miqyosida “jangda tasdiqlangan” mahsulot sifatida obro‘ qozondi. Hozirgi kunda bu dronlar Afrika, Yaqin Sharq, Osiyo va Sharqiy Yevropadagi 30 dan ortiq davlat tomonidan qo‘llanilmoqda. Bayraktar dronlari qisqa vaqt ichida texnologik imkoniyatlari va arzon narxi tufayli tezda mashhurlikka erishdi. Bitta Bayraktar TB2’ning narxi taxminan 5 million dollarni tashkil etadi. Bu esa AQSHning Reaper dronidan qariyb olti barobar arzon deganidir. Bundan tashqari, mamlakat o‘zining birinchi zamonaviy 5-avlod qiruvchi samolyoti – KAAN (TF-X) loyihasini ham ishlab chiqmoqda, garchi bu loyiha hozircha dvigatel masalasida xorijga qaramlikni saqlab qolayotgan bo‘lsa-da, kuzov va boshqa qismlarni ishlab chiqishda F-35 tajribasi asqotmoqda.

Ammo shunga qaramay, Erdo‘g‘an ma’muriyati F-35 qiruvchilaridan butunlay umidini uzgani yo‘q. 2021 yilda Rimdagi G20 sammitida Erdo‘g‘an va Jo Bayden o‘rtasida “Turkiya-AQSH Strategik mexanizmi” tashkil etiish bo‘yicha kelishuvga erishilgandan beri, ushbu format doirasidagi har bir uchrashuvda F-35 masalasi rasman kun tartibiga kiritildi. Ammo Bayden bilan kelishuvdan keyin ham Turkiyaga F-35 samalyotlari yoki unga tikilgan pullar berilmagan. Shu bois NATO sammitlari doirasida Turkiyaning dasturdagi ishtirokini qayta tiklash yoki yetkazilmagan samolyotlar uchun to‘langan pul evaziga yangi harbiy texnikalar olish Erdo‘g‘anning asosiy talablaridan biri bo‘lib kelmoqda.

“Biz do‘stlarimizga sanksiya qo‘llashni istamaymiz”

Rossiya Ukrainaning shaharlarini birin-ketin egallab Yevropaning “eshigini qoqmoqda”, AQSH esa Yaqin Sharqdagi urushdan “mag‘lub” tamg‘asini olmasdan chiqib ketolmayapti. Mana shunday vaziyatda Turkiyaning yordami barchasidan muhim bo‘lib turibdi. Bu yo‘lda, Tramp bir vaqtlar o‘zi qabul qilgan qarorlani ham rad etishga tayyor. Shaxsan Trampning o‘zi Turkiyaga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilishini va’da bermoqda.

“Bu sanksiyalarni bekor qilamiz. Buni aniq ayta olaman. Bu embargo va sanksiyalarni bekor qilamiz. Endi vaqti keldi. Biz do‘stlarimizga sanksiya qo‘llashni istamaymiz. Bu juda oddiy. Biz do‘stlarimizga qarshi sanksiyalar joriy etmaymiz”, degan Qo‘shma Shtatlar yetakchisi.

Tramp F-35 qiruvchi samolyotlari haqida gapirar ekan, “bu ko‘rib chiqiladigan masala” deb, kelgusida Turkiyani dasturga qaytishi mumkinligi haqida ta’kidladi.

Ko‘rinishidan, masala hal bo‘lgandek – AQSH Prezidenti o‘z og‘zi bilan va’da berdi. Ammo, demokratik davlatlarda birgina prezidentning va’dasi bilan qarorlar qabul qilinavermaydi. Sanksiyalarni bekor qilish va Turkiyani F-35 bilan ta’milash AQSH Kongressi tomonidan tasdiqlanishi lozim. 2020-moliyaviy yil uchun Milliy mudofaa vakolatlari to‘g‘risidagi qonunning 1245-bandiga ko‘ra, Turkiya faqatgina S-400 tizimidan butunlay voz kechgan taqdirdagina, dasturga qaytishi mumkin. Ammo real vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, Anqara barcha harbiy texnologiyalarni saqlab qolgan holda, puli to‘langan tovarlarni olishni istamoqda.

Shunday ekan, birgina Trampning quruq va’dalari tufayli uzoq yildan beri hal bo‘lmay kelayotgan ushbu muammoni yechim topishini kutish qiyin. Odatdagidek, Vashington ushbu qarorni ko‘rib chiqishni maksimal cho‘zishi ehtimoli yuqori. Sanksiyalar masalasiga kelsak, Eron va Ukrainadagi mojarolarda Erdo‘g‘anning yordamini olishni istar ekan AQSH ulardan vaqtinchaga bo‘lsa-da voz kechishga majbur.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing