Rossiya biqinidagi davlat yadro qurolini joylashtirishga tayyorligini e’lon qildi

Olam

−

image

Agar NATO jamoaviy qaror qabul qilsa va shunday zarurat tug‘ilsa, Latviyada yadro qurolini joylashtirish mumkin. Bu haqda kecha, 30 sentyabr kuni mamlakat Prezidenti Edgars Rinkevichs Bosh vazir Andris Kulbergs (“Birlashgan ro‘yxat”) bilan uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida bayonot berdi.

Litva Seymi shu oyda mamlakat hududida yadro qurolini joylashtirishga konstitutsiyada belgilangan taqiqni bekor qilishni birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladi. Hozirda Latviyaga qo‘shni mamlakat Konstitutsiyasining 137-moddasida Litva hududida ommaviy qirg‘in qurollari yoki xorijiy harbiy bazalar joylashishi mumkin emasligi nazarda tutilgan.

Rinkevichs Latviya Satversmesida (Konstitutsiyasida) bunday taqiq yo‘qligini bildirgan. 

“Qonunlarimizda Latviyada yadro qurolini joylashtirish uchun hech qanday huquqiy to‘siqlar yo‘q”, deydi Prezident.

Riga qasri egasi 2003 yilda – Latviya NATOga a’zo bo‘lishga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytda har bir a’zo mamlakat NATOning jamoaviy xavfsizlik to‘liq mexanizmini amalga oshirish uchun, jumladan, yadroviy tiyib turish tizimida ishtirok etishda hech qanday cheklovlarga ega bo‘lmasligini kafolatlaganini aytgan. 

“Agar shunday zarurat tug‘ilsa va NATO shunday jamoaviy qaror qabul qilsa, Latviyada yadro quroli joylashtiriladi”, deydi Rinkevichs.

Shu bilan birga, u hozirda Latviyada yadro qurolini joylashtirish bo‘yicha hech qanday aniq muzokaralar olib borilmayotganini ma’lum qilgan.

Buyuk Britaniyaning Birlashgan ekspeditsiya kuchlari (JEF) tarkibiga kiruvchi mamlakatlar – Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Shimoliy Yevropa va Niderlandiya uchun yadroviy himoya taklifiga izoh berar ekan, Rinkevichs yadro quroli himoyasisiz Yevropada allaqachon bir nechta konvensional urushlar avj olgan bo‘lishini qayd etgan. 

“Yadro qurolini qo‘llash – eng oxirgi chora hisoblanadi, ammo u agressorni kutilmagan yoki keng ko‘lamli harakatlardan ushlab turadi”, deb hisoblaydi Rinkevichs.

Siyosatchi Buyuk Britaniya allaqachon NATOning yadroviy tiyib turish tizimining bir qismi ekanini, Latviya esa hozirdanoq AQSH va Buyuk Britaniya tomonidan ta’minlanadigan NATOning yadro kalqoni ostida ekanini ko‘rsatib o‘tgan. Shu bilan birga, Latviya JEF ishtirokchisi sifatida har qanday qo‘shimcha xavfsizlik choralari va elementlarini ijobiy baholaydi. 

“Biz bu hamon NATO umumiy siyosatining bir qismi ekanini tushunamiz”, deydi Prezident.

Ushbu bayonot Yevropaning yadroviy tiyib turish bo‘yicha tashabbuslari faollashishi bilan bir vaqtda yangradi. Jumladan, 23 sentyabr kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Latviyaning Fransiyaning “Forward Nuclear Deterrence Initiative” tashabbusiga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni boshlashga rozi bo‘ldi. Parij, shuningdek, mamlakatdagi harbiy ishtirokini, xususan, havo hujumidan mudofaa (HHM) sohasida kuchaytirishga tayyorligini bildirdi. Makron ushbu tashabbusni mart oyida taqdim etgan edi. U ittifoqchi mamlakatlarda yadro qurolini tashishga qodir bo‘lgan Fransiyaning Rafale qiruvchi samolyotlarini vaqtinchalik joylashtirish, ularning harbiy bazalari va havo hududidan foydalanish imkoniyatini nazarda tutadi.

Fransiya tashabbusiga avvalroq Norvegiya, Shvetsiya, Daniya va Finlyandiya qo‘shilgan. Estoniya va Litva ham ishtirok etishni muhokama qilmoqda. Iyun oyida Finlyandiya parlamenti milliy mudofaa ehtiyojlari uchun yadro qurolini olib kirish, tranzit qilish va saqlashga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi. Litva ham sentyabr oyida yadro qurolini joylashtirishga qo‘yilgan qonunchilik cheklovlarini bekor qilishni boshladi. Seym tegishli tuzatishni birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladi.

Shu bilan bir qatorda, Buyuk Britaniya Finlyandiya va Shimoliy Yevropaning boshqa mamlakatlariga yadroviy tiyib turishning qo‘shimcha mexanizmini taklif qildi. Bunday “yadro soyaboni”ning asosini Britan atom suvosti kemalari tashkil etishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO Bosh kotibi Mark Ryutte alyans Kaliningradni qamalga olishga urinish sodir bo‘lgan taqdirda Rossiyadan yadro qurolini qo‘llash haqida ogohlantirish olganini aytgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing