O‘zbekiston AQSHning yana bir “qora ro‘yxat”idan chiqarildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi intellektual mulkning huquqiy muhofazasi va himoyasi holati bo‘yicha AQSH Savdo vakilligining (USTR) 301-maxsus hisobotidagi kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxatidan (qora ro‘yxat) chiqarildi. Bu haqda kecha, 25 aprel kuni USTR bayonoti e’lon qilindi.

“USTR bu yil intellektual mulkni himoya qilish va qo‘llash bilan bog‘liq uzoq vaqtdan beri davom etayotgan muammolar bo‘yicha barqaror taraqqiyot sababli O‘zbekistonni Kuzatuv ro‘yxatidan chiqarib tashladi. Masalan, O‘zbekiston Bojxona kodeksiga yangi o‘zgartishlar kiritdi, ularda kontrafakt import va eksportni to‘xtatib turish hamda olib qo‘yish bo‘yicha ex officio vakolatlari belgilandi. O‘zbekiston, shuningdek, intellektual mulkka yuqori darajadagi siyosiy e’tiborni qaratishda davom etmoqda, jumladan, “AQSH-Markaziy Osiyo” savdo va investitsiyalar bo‘yicha asosli kelishuv doirasida Intellektual mulk bo‘yicha ishchi guruhini qo‘llab-quvvatlash va unda ishtirok etish bilan shug‘ullanmoqda”, deyiladi bayonotda.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Intellektual mulk departamentining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston 2000 yilda ushbu ro‘yxatga kiritilgan bo‘lib, 24 yildan buyon “kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati”da qolayotgan edi.

Muayyan davlatning “kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati”ga kiritilishi unda intellektual mulkni himoya qilish bo‘yicha jiddiy muammolar mavjud ekanini ko‘rsatadi hamda bevosita xorijiy korxonalar tomonidan investitsiyaviy faoliyatni amalga oshirishda alohida e’tibor qaratiladi.

Bugungi kunga qadar Markaziy Osiyo mintaqasidan faqat O‘zbekiston va Turkmaniston “kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati”da qolib kelayotgan edi.

“Mana bugun oxirgi besh yilda intellektual mulk ob’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblarini soddalashtirish, ularga bo‘lgan huquqlarni samarali himoya qilish, xalqaro shartnomalarga a’zo bo‘lish va tashqi aloqalarni rivojlantirish hamda JSTning TRIPS bitimi talablarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish yo‘nalishida amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida shunday natijaga erishdik”, deyiladi Intellektual mulk departamenti bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning dekabrida O‘zbekiston diniy erkinlik bo‘yicha vaziyat “alohida xavotirga molik” mamlakatlar ro‘yxatidan, shuningdek, oradan yana ikki yil o‘tib, “maxsus kuzatuv ostidagi davlatlar” ro‘yxatidan chiqarilgan edi. 2019 yilda AQSH Mehnat departamenti bolalar majburiy mehnatidan foydalangan holda tayyorlangan mahsulotlarni AQSH davlat xaridlari uchun taqiqlash bo‘yicha ijro buyrug‘i ro‘yxatidan o‘zbek paxtasini chiqarib tashlash yuzasidan yakuniy qaror qabul qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing