O‘zbekiston 500 mln dollar qarz olmoqda

Jamiyat

image

Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB) va O‘zbekiston hukumati “Yashil va barqaror bozor iqtisodiyotiga o‘tish dasturi”ni amalga oshirish uchun 500 million dollar ajratish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur islohotlar paketi mamlakatning yanada ekologik, barqaror va bozorga yo‘naltirilgan rivojlanish modeliga o‘tish jarayonini jadallashtirishga qaratilgan.

Tashabbus past uglerodli o‘sishni ta’minlash, davlat sektori samaradorligini oshirish va iqlim o‘zgarishiga nisbatan barqarorlikni kuchaytirish uchun davlat boshqaruvi mexanizmlarini mustahkamlashni ko‘zda tutadi. Butun iqtisodiyot bo‘ylab tizimli iqlim choralarini yaratishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bankning iqlimga yo‘naltirilgan moliyalashtirish siyosati (CPBF) doirasida amalga oshiriladi.

Asosiy choralar qatoriga energetika sohasi va davlat korxonalarida boshqaruv samaradorligi va shaffofligini oshirish, davlat xaridlarida iqlimga yo‘naltirilgan standartlarni joriy etish, shuningdek, ishonchli monitoring, hisobot va verifikatsiya tizimidan foydalangan holda, uglerod kreditlari aylanishi uchun aniq va shaffof qoidalarni shakllantirish kiradi. Bu esa xususiy kapitalni jalb qilishga xizmat qiladi.

Dastur Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

“Dastur doirasida qo‘llab-quvvatlanayotgan islohotlar uzoq muddatli ekologik va ijtimoiy samarani ta’minlashi kutilmoqda. Resurslardan oqilona foydalanish, ekologik toza energetik yechimlarni joriy etish va iqlimga yo‘naltirilgan tartibga solishni takomillashtirish issiqxona gazlari chiqindilarining kamayishiga, havo sifatining yaxshilanishiga va iqlim xatarlariga bardoshlilikning ortishiga olib kelishi kerak”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, energiya tejamkor texnologiyalarga kengroq kirish energiya xarajatlarini kamaytirish, ayniqsa, ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj guruhlar uchun yashash sharoitlarini yaxshilashga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishda davom etish, ish o‘rinlarini yaratish, xususiy sektorni rivojlantirish va mamlakat iqtisodiyotining strategik muhim tarmoqlarida raqobatni kuchaytirishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli kreditlar ko‘rinishidagi 800 mln dollarlik moliyaviy paketni ajratishni ma’qullagandi.


Maqola muallifi

Teglar

qarz O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing