O‘zbekiston Jahon bankidan 800 mln dollar qarz oldi

Jamiyat

image

Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishda davom etish, ish o‘rinlarini yaratish, xususiy sektorni rivojlantirish va mamlakat iqtisodiyotining strategik muhim tarmoqlarida raqobatni kuchaytirishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli kreditlar ko‘rinishidagi 800 mln dollarlik moliyaviy paketni ajratishni ma’qulladi. Bu haqda Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Jahon banki tomonidan ushbu operatsiya doirasida qo‘llab-quvvatlanayotgan davlat siyosati choralari kam ta’minlangan uy xo‘jaliklari uchun energiya tariflari oshirilishi oqibatlarini yumshatish, ayollarni ish joyidagi tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, aholining zaif qatlamlarining ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, telekommunikatsiya, qishloq xo‘jaligi va energetika sohalarida raqobatni kuchaytirish, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro savdosini kengaytirishga yo‘naltirilgan.

Yuqorida qayd etilgan islohotlarni amalga oshirish uchun Jahon banki 800 mln dollar miqdorida imtiyozli kreditlar ajratadi. Ushbu mablag‘lar hukumatga uzoq muddatli qaytarish shartlari asosida past foiz stavkalari bilan taqdim etiladi. Bunday kreditlash shartlari xalqaro moliya bozorlaridagiga qaraganda ancha foydali bo‘lib, bu orqali O‘zbekiston qarz bo‘yicha xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qisqartirishi va tejalgan byudjet mablag‘larini ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi.

Jahon bankining qo‘llab-quvvatlashi hukumatga turli strategik muhim sohalarda davlat siyosatining shoshilinch choralarini amalga oshirishda yordam beradi, jumladan:

• Aholini ijtimoiy himoya qilish: Elektr energiyasi, issiqlik ta’minoti va gaz tariflarining o‘sganligini kompensatsiya qilish uchun kam ta’minlangan oilalarga bir martalik yillik moddiy yordam pullarini 270 ming so‘mdan 1 million so‘mga oshirish; 
• Ayollar uchun iqtisodiy imkoniyatlarni oshirish: Ayollarni ish joyidagi jinsiy zo‘ravonlik va tazyiqdan himoya qilishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy baza va mexanizmlarni rivojlantirish, ish beruvchilarga homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ish haqini kamaytirish yoki ishdan bo‘shatishni taqiqlash; 
• Ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish: Akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy va nodavlat yetkazib beruvchi tashkilotlar orqali aholining zaif qatlamlariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bozorini rivojlantirish uchun sharoit yaratish;
• Davlat korxonalarini isloh qilish: Davlat korxonalarini samarali boshqarish va xususiylashtirish uchun O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil etish, keng polosali internet va mobil aloqa bozorlarida davlat kompaniyalarining ustunligini cheklash maqsadida mustaqil telekommunikatsiya regulyatorini shakllantirish va xususiy investitsiyalarni jalb qilish;
 • Qishloq xo‘jaligi: Mahalliy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini xavf-xatarlardan sug‘urtalash tizimini joriy etish, paxtachilik sohasidagi islohotlarni davom ettirish, xususan, paxta narxlarini belgilashning moslashuvchan mexanizmini joriy qilish va to‘qimachilik korxonalariga paxtani to‘g‘ridan to‘g‘ri fermer xo‘jaliklaridan sotib olish imkoniyatini yaratish; 
• Tashqi savdoni liberallashtirish: O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish va eksport tartibini soddalashtirish, ayrim turdagi tovarlar eksporti uchun ruxsatnomalarni bekor qilish orqali xalqaro savdoni kengaytirish, energetika, neft-gaz, kimyo, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda ayrim kompaniyalarga berilgan eksklyuziv huquqlarni bekor qilish; 
• Energetika sektori: Xususiy investorlar ishtirokini kengaytirish, elektr energiyasini taqsimlash bozorini ochish va mustaqil qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqaruvchilarga elektr energiyasini to‘g‘ridan to‘g‘ri iste’molchilarga sotish huquqini berish;

• Energiya samaradorligini oshirish: Energiya sarfi yuqori bo‘lgan tarmoqlarda issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirish va energiya samaradorligini oshirish uchun qo‘shimcha rag‘batlar joriy etish, energiya tejamkor loyihalarga xususiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan Energiya samaradorligi milliy agentligini tashkil etish, quyosh energetikasini rivojlantirish va binolarning energiya samaradorligini oshirish;
 • “Yashil” davlat xaridlari: Byudjet mablag‘laridan foydalanishda ekologik toza tovarlar va xizmatlarni xarid qilishga ustuvorlik berish uchun davlat xaridlari tizimiga ekologik mezonlarni joriy etish.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida Jahon bankining global direktori Luis Felipe Lopes-Kalvani qabul qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon banki kredit

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing