O‘zbekiston hamma bilan do‘st bo‘lishni istashini ochiq-oydin bildirdi – Rubio
Jamiyat
−
19:37 727 2 daqiqa
O‘zbekiston hammaga do‘st bo‘lishni istashini ochiq-oydin ma’lum qilgan. Bu haqda bugun, 19 oktyabr kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Registon maydonida jurnalistlar bilan suhbatda gapirdi.
Jurnalist undan Xitoy Markaziy Osiyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham katta yutuqlarga erishayotganini, AQSH “C5” mamlakatlariga konkret nima taklif qila olishini so‘ragan.
“Qarang, bu raqobat, to‘g‘rimi? Bizda mahsulotlar bor, kompaniyalar bor. Ular nimadir ishlab chiqaradi va biz shunchaki halol raqobat hamda imkoniyat bo‘lishini xohlaymiz. Dunyoda Amerika va Amerika biznesi halol kurashish imkoniyatiga ega bo‘lmasligi kerak deb hisoblaydigan biror-bir hududning o‘zi yo‘q va biz aynan shunga intilamiz.
Gap bu yerga kelib “boshqa birov bilan gaplashishni to‘xtating” yoki “boshqa biror mamlakat bilan ishlashni to‘xtating” deyish haqida emas. Gap bu haqda ketayotgani yo‘q. Bu Amerika biznesi va Amerika savdosi uchun o‘z eshiklarini ochayotgan dunyoning har bir burchagida biz tayyor ekanimizni, yetib kelayotganimizni va shu yerda ekanimizni ta’minlash haqidadir. Bularning bari aynan shu haqida”, deydi AQSH Davlat kotibi.
Uning aytishicha, odamlar uzoq vaqtdan beri Markaziy Osiyoning, barcha beshta mamlakatning, xususan O‘zbekistonning muhimligini tushunib yetgan.
“Siz buni ko‘rib turibsiz. Sizlar buni boshdan kechirdinglar. Bu juda go‘zal mamlakat. Iqtisodiy o‘sish va farovonlik nuqtai nazaridan ular so‘nggi o‘n yillikning o‘zida erishgan yutuqlar hayratlanarli. Biz shunchaki birgalikda ishlashimiz mumkin bo‘lgan sohalardagi imkoniyatlarni aniqlashni xohlaymiz, bu yerga shuning uchun kelganmiz va aynan shuni amalga oshirishni istaymiz. Bu boshqa biror-bir mamlakatga qarshi qaratilgan salbiy harakat emas. Bu shunchaki... aytmoqchimanki, mamlakatlar imkon qadar ko‘proq aloqalarga ega bo‘lishni xohlaydi”, deydi AQSH Davlat kotibi.
Bundan tashqari, uning aytishicha, O‘zbekiston hammaga do‘st bo‘lishni istashini ochiq-oydin bildirgan.
“Ular hamma bilan munosabat o‘rnatishni istashadi. Ular hamma bilan iqtisodiy aloqalarga ega bo‘lishni xohlashadi. Biz esa manfaatdor ekanimizni aytmoqdamiz va shu sababli bu yerga biz bilan birga 300 ga yaqin Amerika biznes vakillari ham keldi. Ular qanday imkoniyatlar mavjudligini ko‘rishni intizorlik bilan kutishmoqda va hatto ayrimlari biroz keyinroq e’lon qiladiganimiz — kelishuvlarni tuzib bo‘lishdi”, deydi Rubio.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Marko Rubio Samarqanddagi Registon maydonida jurnalistlar oldida chiqish qilgani va dunyoda Samarqand kabi tarixan muhim rol o‘ynagan shaharlar kam ekanini aytgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi