“Uzbekistan GTL”da isyonga bosh bo‘lganlar jazolanadimi?

Jamiyat

Joriy yilning 21 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida “Uzbekistan GTL” zavodi ishchilarini g‘alayon ko‘tarishga undaganlar jazolanmaydi. Ishchlar bilan faqatgina suhbat o‘tkazildi. Bu haqda Energetika vazirining o‘rinbosari Behzot Normatov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

“Uzbekistan GTL”da ovqatlanish joylariga elektron kirish tizimi ishdan chiqqani uchun noroziliklar yuz bergan. Balki ungacha ham mayda muammolar mavjud bo‘lgandir. Bular yig‘ilib kelib, oshxonadagi nosozlikka kelganda norozilikka aylanib ketgan. “Enter Engineering” kompaniyasi rahbariyati, Energetika vazirligi, mahalliy hokimiyat tezkor ravishda joyiga chiqib, ular bilan suhbatlashdi. Hamma kelishmovchiliklar joyida hal qilindi”, deydi Behzot Normatov.

Unga ko‘ra, norozilik ertalab soat 7:30 da boshlangan bo‘lsa, birlamchi guruh soat 9:00 da yetib borgan. Kechka yaqin guruhlar o‘sha yerga yetib borib, ishchilar bilan davra suhbati o‘tkazilgan va ularning muammolari eshitilgan.

Vazir o‘rinbosari noroziliklar maosh berilmayotgani sabab yuzaga kelgani haqidagi fikrlarga ham to‘xtalib o‘tdi va maoshda muammo bo‘lmaginini ma’lum qildi.

“Maosh bo‘yicha muammolar ko‘tarilmagan. “Enter Engineering” bergan ma’lumotga ko‘ra, maoshlar o‘z vaqtida berib borilyapti. Masalan, sentyabr oyining maoshi oktyabr oyining 15 sanasidan oxirigacha berilgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi 3-4 oylab maosh berilmagan degan fikrlar asosga ega emas”, deydi Normatov.

U isyonni boshlashga undaganlarga qanday chora ko‘rilishi haqidagi savolga javoban ishchilar bilan tushuntirish ishlari olib borilganini ma’lum qildi.

“Menda ularga nisbatan moliyaviy, ma’muriy yoki boshqa choralar ko‘rilgani haqida ma’lumot yo‘q. bunday bo‘lishi ham mumkin emas. Agar e’tirozlar qonuniy, tushunsa bo‘ladigan bo‘lsa, ularga nisbatan chora ko‘rilishi adolatdan bo‘lmaydi”, deya fikr bildirdi Normatov.

Shuningdek, ishchilarga berilayotgan ovqatlar xususida e’tirozlar tasdig‘ini topgan bo‘lsa, bosh pudratchi “Enter Engineering” kompaniyasiga tegishli ko‘rsatmalar berilganini aytib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, ishchilarning ommaviy noroziligi va nazoratsizligi tashkilotning bosh pudratchisi "Enter Engineering, Hyundai Engineering, subpudratchilar hamda buyurtmachi "Uzbekistan GTL" ofisining vayron qilinishiga sabab bo‘lgan. Shuningdek, vaqtinchali inshootlar: oshxona, omborxona va boshqalar ham talafot ko‘rgan.

Hodisada bir necha kishi, jumladan, oshxona, kadrlar bo‘limi, “Enter Engineering” muhandis-texnik xodimlariga tan jarohati yetgan. Shuningdek, omborxonalarni yoqib yuborishga urinishlar bo‘lgan. Yong‘in o‘choqlari tezda bartaraf etilgan.

Hodisa joyiga yetb borgan Energetika vaziri Alisher Sultonov, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov, Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev “O‘zbekneftgaz” AJ vakillari voqea joyiga borib, norozilikda ishtirok etgan ishchilar bilan uchrashgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Uzbekistan GTL Behzot Normatov

Baholaganlar

360

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing