Uzbekistan GTL zavodida nima bo‘lgandi?

Jamiyat

Vazirlar isyon ko‘targan ishchilar bilan uchrashdi. Oxir-oqibat ishchilar uzr so‘radi north_east

Vazirlar isyon ko‘targan ishchilar bilan uchrashdi. Oxir-oqibat ishchilar uzr so‘radi

Joriy yilning 21 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida faoliyat yuritayotgan GTL zavodining yuzlab ishchilari ishtirokida ommaviy tartibsizliklar yuzaga kelgani tasvirlangan videolar tarqaldi. 

Ushbu holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.  Kimdir ishchilarga maoshi 4 oydan buyon to‘lanmagan desa, yana kimdir xodimlarga yetarli sharoit yaratilmagani, ular nonushtani tushgacha, tushlikni kechgacha kutganini aytdi. 

Bularning barchasiga aniqlik kiritish, aslida, muammo nimada ekanini bilish maqsadida zavod xodimlariga mikrofon tutdik. Biroq noroziliklarga guvoh bo‘lgan ko‘plab ishchilar bo‘lib o‘tgan voqealar haqida gapirishni istamadi yoki mumkin emasligini aytishdi. 

Intervyu berganlar esa barcha ishlar joyidaligi, maoshlar vaqtida berilayotgani aytmoqda yoki ayttirilmoqda. 

QALAMPIR.UZ joriy yilning 21 oktyabr kuni bo‘lgan voqealar haqida surishtiruv o‘tkazdi. Suhbatdoshlarimiz tartibsizliklar vaqtida ular o‘z ish joyida bo‘lgani, hech narsadan xabarlari yo‘qligini bildirishdi. Qiziq, butun mamlakatga ovoza bo‘lib, sarhadni oshib o‘tgan voqealar shovqini nahot ularga eshitilmagan bo‘lsa...

Zavod ma’muriyati bergan ma’lumotlarga qaraganda, xodim va ish beruvchi o‘rtasida shartnoma bir  yilga tuziladi, shartnoma bo‘yicha ish 22 kun, dam olish esa 8 kun etib belgilangan. Pandemiya sabab ish vaqti biroz cho‘zilib, 40-45 kunni tashkil etgan. Ishchilardagi charchoq, oilasiga bo‘lgan sog‘inch esa aynan shu kabi holatga olib kelgan. Yana shuni aytish kerak, xodimlar tomonidan keltirilgan zarar zavod hisobidan qoplanadi va ishchilarga na jarima, na jazo qo‘llanilishi aytildi. 

“Bo‘lgan voqealar haqida barchamizning xabarimiz bor. Asl sababi nima ekanini huquq-tartibot organlari aniqlashadi. Fikrimcha, voqealar yuzaga kelishining asosiy sababi, xodimlardagi ruhiy charchoq. Barchamiz yozgi karantinda og‘ir kunlarni boshdan kechirdik. Ko‘pchilikda ruhiy toliqish yuzaga keldi. Kasallik tez tarqalayotgani haqida OAV orqali yoritib borildi. O‘zbekistonda yo‘llar yopilishi, odamlar ishsiz qolishiga guvoh bo‘ldik. Iyul oyida bizning maydon ham bo‘shab qoldi. Va aynan shu vaqtda bizda 800 kishi ishda qoldi. Odamlar uyda ishsiz, pulsiz qolishdi. Avgust oyida xodimlarni ishga qaytarish, ularning xavfsizligini taminlash bo‘yicha choralar ko‘ra boshladik.

Har bir xodim ish maydoniga kirar ekan undan koronavirus uchun tahlil olindi. Test namunalari olingach, 7 kunlik karantinda bo‘lishlariga to‘g‘ri keladi. Oradan 7 kun vaqt o‘tgach, qayta test olinib, ularning karantin vaqtida koronavirus yuqtirmaganlari tekshirildi. Tahlil natijalari yaxshi bo‘lsa, ishga chiqishlariga ruxsat berildi. Karantinda qolish va qo‘shimcha ish xodimlarni toliqtirdi, deb ayta olamiz. Ayrim xodimlar bu yerda 40-45 kungacha ishlashgan. Tan olish kerak, bu juda qiyin.

Xodimlar karantinda bo‘lgan vaqtlarida bepul ovqat va yotoq bilan ta’minlanishgan. Bundan tashqari, ular ishlamagan bo‘lsa-da maoshlarini to‘liq olishgan. Har qanday holatda ham ularga maoshlari berib kelinmoqda.  

Ma’lumot sifatida bir nechta raqamlarni keltirib o‘taman. Pandemiya boshidan to shu kungacha biz 43 mingta PZR tahlillarini o‘tkazdik. Har bir odamga o‘rtacha 2,5 ta tahlil to‘g‘ri keladi. Enter Engineering kompaniyasi laborator tahlillarning o‘ziga 7,5 milliard sarfladi. Barcha choralar xodimlarning salomatligi va o‘zlarini ximoyada his etishlari uchun qilindi.

Takroran aytaman, bo‘lgan voqealarning asosiy sababi ruhiy charchoq. Tan olish kerak, ularning ish kunlari uzaygani sabab bu jarayon qiyin kechgan”, deydi, Enter Engineering kompaniyasi ma’muriy direktori Temur Abdullayev

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu zavodda ham koronavirus bilan kasallanganlar aniqlangan. Bemorlar 800 nafarda oshgan va barcha davolash ishlari maxsus tashkil etilgan shifoxonada olib borilgan.

Tashrif davomida “Uzbekistan GTL” zavodidagi ish maydonlari bilan tanishdik. Bundan tashqari, xodimlar uchun mo‘ljallangan lagerga ham bordik. Bu yerda 12 ming ishchi uchun yotoqlar hozirlangan. Har bir blokda 100 nafardan ishchi yashaydi. Xodimlar uchun 3 ta tibbiyot punkti, 7 ta oshxona va sport bilan shug‘ullanishlari uchun maxsus maydonlar mavjud.


Maqola muallifi

Teglar

Uzbekistan GTL Enter Engineering

Baholaganlar

133

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing