Vazirlar isyon ko‘targan ishchilar bilan uchrashdi. Oxir-oqibat ishchilar uzr so‘radi
Jamiyat
−
22 Oktabr 2020
20976Kecha, 21 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida joylashgan Uzbekistan GTL zavodining yuzlab ishchilari ishtirokida ommaviy tartibsizliklar yuzaga kelgani haqida xabar bergan edik.
Energetika vaziri Alisher Sultonov, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov, Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev “O‘zbekneftgaz” AJ vakillari voqea joyiga borib, norozilikda ishtirok etgan ishchilar bilan uchrashdi.
Qayd etilishicha, norozilik bildirgan va mojaroda ishtirok etgan ishchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazilgan. Ishchilarning qator chiqishlarida bildirilishicha, ularni tashvishga solayotgan asosiy muammo qat’iy karantin chora-tadbirlarining bekor qilinishi, ya’ni vaxta usulida ishlash tartibi – ob’ektda 22 kun ishlash va 8 kun dam olishga o‘tkazilishidir. Pandemiya paytida 40-45 kun davomida ob’ektdan chiqmay ishlash tartibi o‘rnatilib, bu o‘z navbatida ularning yaqinlari bilan ko‘p vaqt ko‘rishmasligiga olib kelgan. Ishchilar tomonidan shuningdek hal etilishi kerak bo‘lgan muammolardan yana biri – oshxonadagi uzun navbat, sifatli ovqatlanish masalalari ham ko‘tarilgan.
Uchrashuvda Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev tomonidan barcha sanitariya va epidemiologiya choralariga rioya qilgan hamda PZR tahlilini o‘z vaqtida topshirgan holda qat’iy karantin choralarining bekor qilinishi ma’qullangan.
Xabarda aytilishicha, ijtimoiy tarmoqlar va qator OAVlardagi muhokama chog‘ida urg‘u berilgan xodimlarning oylik maoshi o‘z vaqtida to‘lab berilmagani haqidagi gaplar haqiqatdan yiroq va ishchilar tomonidan mehnat shartnomasining bu bandi buzilganligi tasdiqlanmagan.
Uchrashuvda lavozimga tayinlash va ishga qabul qilishda shaffoflikka amal qilish, rahbariyat, subpudratchi va brigadirlar ishtirokida vaqti-vaqti bilan muhim masalalarni muhokama qilish zarurligi qayd etilgan. Shu bilan birga 30-40 kishidan iborat har bir brigadadan brigadirlar bilan bir qatorda kompaniya rahbariyati bilan bo‘ladigan uchrashuvlarda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan bir nechta jamoatchilik vakillarini tanlab olish lozimligi ta’kidlangan.
Xabarda ma’lum qilinishich, ishchilarda yig‘ilib qolgan noroziliklarni o‘rganish va ularni hal etish uchun maxsus ishchi guruhlar tuzilib, ularning tarkibiga Qashqadaryo viloyati hokimiyati, “ENTER Engineering” kompaniyasi kasaba uyushmasi, Energetika vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ vakillari kiradi. Doimiy ravishda nizoli masalalarni o‘rganish uchun 3-4 ta shunday ishchi guruhi tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Muloqot chog‘ida ishchilar bunday keng muhokamaga sabab bo‘lgan, ob’ektdagi vaziyat va umuman ularning o‘zlarini ham salbiy tomondan namoyon qilgan noxush holat uchun uzr so‘raganlari aytilmoqda.
“Bu uchrashuv tufayli biz ilk bor ilgari hech ko‘rmagan loyiha va kompaniya kasaba uyushmasi rahbarlari bilan yuzma-yuz uchrashdik”, degan ob’ekt ishchilari.
Ma’lumot o‘rnida, Ishchilarning ommaviy noroziligi va nazoratsizligi tashkilotning bosh pudratchisi "Enter Engineering, Hyundai Engineering, subpudratchilar hamda buyurtmachi "Uzbekistan GTL" ofisining vayron qilinishiga sabab bo‘lgan. Shuningdek, vaqtinchali inshootlar: oshxona, omborxona va boshqalar ham talafot ko‘rgan.
Hodisada bir necha kishi, jumladan, oshxona, kadrlar bo‘limi, “Enter Engineering” muhandis-texnik xodimlariga tan jarohati yetgan. Shuningdek, omborxonalarni yoqib yuborishga urinishlar bo‘lgan. Yong‘in o‘choqlari tezda bartaraf etilgan.
Tartibsizliklarda taxminan ming nafar ishchi qatnashgan.
LiveBarchasi