O‘zbek-tojik chegarasiga hujumning yangi tafsilotlari: ISHID bayonot bilan chiqdi
Olam
−
09 noyabr 2019
36838Tojikiston-O‘zbekiston chegarasidagi “Sultonobod” chegara otryadiga qarashli “Ishqobod” chegara punktiga hujum uchun javobgarlikni ISHID terrorchilik tashkiloti o‘z zimmasiga oldi. Bu haqda “Asia Plus” xabar berdi.
ISHID bayonotida chegara zastavasiga hujum vaqtida 10 nafar Tojikiston chegarachilari o‘ldirilgani aytilgan.
Tojikiston Hukumati rasman ikki kishi – militsioner Bahrom Qosimzoda va chegarachi Izzatulla Latofov halok bo‘lganini tasdiqladi.
Avvalroq, chegara punktiga hujumda 2 emas. 5 kishi halok bo‘lgani haqida ma’lumotlar tarqalgandi. Yana 3 nafar qurbon ismi ochiqlangandi – bu kapitan Dilovar Tolibov, chegarachilar Xofizjon Xusaynov va G‘anijon Davlat.
Ammo bugunga kelib qurbonlar soni 6 nafarga yetgani ma’lum qilindi. Hujumning navbatdagi qurboni chegarachi Naimjon Saidolimov bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 6 noyabr kuni niqoblangan 20 kishilik qurolli guruh o‘zbek-tojik chegarasidagi “Ishqobod” punktiga hujum uyushtirdi. Hujumda 15 nafar jangari yo‘q qilindi, 5 nafari qo‘lga olindi. Tojikiston MXX hujumni Afg‘onistondan kelgan ISHID jangarilari uyushtirganini ta’kidladi.
Biroq bu ma’lumotni Afg‘oniston kuch tuzilmalari tasdiqlamadi. Hatto, ISHIDning o‘zim ham dastlab bunday hujum bo‘lgani haqida ma’lumot bermadi. Surishtiruv davomida jangarilar orasida ayollar ham bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur hujum yuzasidan O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati ham tekshiruv o‘tkazayotgani aytildi.
LiveBarchasi