O‘zbek-tojik chegarasiga hujum uchun qamalganlar haqida ma’lumot berildi
Jamiyat
−
20 iyul 2020
19864Avvalroq, 2019 yilning noyabrida O‘zbekiston-Tojikiston davlat chegarasidagi “Ishqobod” chegara zastavasiga hujum qilganlarga sud hukmi o‘qilgani haqida xabar bergan edik.
Bugun, 20 iyul kuni ma’lum bo‘lishicha, sudlanganlar orasida to‘rt ayol va harbiylar bo‘lgan. Jami 9 kishi 2 yildan 27 yilgacha ozodlikdan mahrum qilingan. Bu haqda Tojikiston Oliy sudi raisi Shermuhammad Shohiyon ma’lum qildi.
“Oliy sud qarori bilan 20 aprel kuni hujum qilganlardan 4 harbiy, 4 ayol va bir erkak 2 yildan 27 yilgacha ozodlikdan mahrum qilindi”, degan rais va boshqa ma’lumot aytolmasligini ochiqlagan.
U harbiylar nima uchun aybdor deb topilganini aytmagan va ish “sirli” muhri ostida ko‘rilganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, “Ishqobod” chegara punktiga 2019 yilning 6 noyabr kuni kechasi hujum uyushtirilgandi. Tojikiston IIV bergan ma’lumotga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvda ikki chegarachi va militsiya xodimi halok bo‘lgan. Jangarilarning 15 nafari o‘ldirilib, 5 nafari qo‘lga olingan.
Ammo keyinroq Sug‘d viloyati hokimiyati yana 3 nafar chegarachi dafn etilganini ma’lum qilgan.
Tojikiston Bosh prokuraturasining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, hujumda 26 kishi o‘ldirilgan va 22 nafari qo‘lga olingan. Terrorchilar 5 nafar harbiy va bir nafar militsiya xodimini o‘ldirgan.
Mazkur hujum uchun javobgarlikni ISHID terrorchilik guruhi o‘z zimmasiga olgan.
LiveBarchasi